O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili Qatar elchisi bilan uchrashdi
Iyun 30, 2026. 19:18 • 2 daq
• 38
TOSHKENT, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Qatarning mamlakatimizdagi elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Afg‘onistonning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish nuqtai nazaridan savdo-iqtisodiy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Qatar tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Shu bilan birga, Toshkentning mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotni ilgari surishdagi konstruktiv roli muhimligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston–Qatar hamkorligini yanada mustahkamlash, mintaqaviy masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Afg‘oniston masalalari bo‘yicha muntazam va konstruktiv muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi