AQSH “o‘zini o‘zi mudofaa qilish” maqsadida Eron janubiga zarbalar berdi
May 26, 2026. 16:25 • 3 daq
• 133
VASHINGTON, 26-may. /“Dunyo” AA/. AQSH harbiylari Eron janubidagi raketa obyektlari va minalar o‘rnatishga uringan qayiqlarni nishonga olib, yangi zarbalar berganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.
Zarbalar “o‘zini o‘zi mudofaa qilish” maqsadida berilgan va “qo‘shinlarimizni Eron qurolli kuchlari tomonidan yuzaga kelayotgan tahdidlardan himoya qilishga” qaratilgan, deyiladi AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bayonotida.
Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) Eron havo hududiga bostirib kirgan Amerikaning uchuvchisiz uchar qurilmasini (dron) urib tushirgani, shuningdek, qiruvchi samolyot va yana bir dronni o‘qqa tutganini eʼlon qildi. Voqea qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, Eron AQSH tomonidan sulh rejimining har qanday buzilishiga javoban “qonuniy va aniq belgilangan” chora ko‘rish huquqiga ega.
“AQSH Qurolli kuchlari bugun Eron janubida qo‘shinlarimizni Eron kuchlaridan kelayotgan tahdidlardan himoya qilish uchun o‘zini o‘zi mudofaa qilish maqsadida zarbalar berdi. Markaziy qo‘mondonlik amaldagi sulh rejimi davomida bosiqlik ko‘rsatgan holda o‘z kuchlarini himoya qilishda davom etmoqda”, – deya taʼkidladi CENTCOM vakili, kapitan Tim Xokins o‘z bayonotida.
Kapitanning qo‘shimcha qilishicha, Amerika zarbalari Eronning janubiy port shahri va Hurmuz bo‘g‘ozida joylashgan harbiy-dengiz bazasi bo‘lgan Bandar-Abbos yaqinidagi hududga yo‘llangan.
Avvalroq, Eron davlat ommaviy axborot vositalari Bandar-Abbosda portlashlar eshitilganidan so‘ng mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tergov olib borilayotgani haqida xabar bergan edi.
AQSHning so‘nggi zarbalari Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik bitimiga qanday taʼsir ko‘rsatishi hozircha nomaʼlum.
AQSH zarbalaridan so‘ng, Davlat kotibi Marko Rubio kelishuvga erishish imkoniyati hali ham mavjudligini aytib, seshanba kuni Eronning bosh muzokarachisi va Tashqi ishlar vaziri hamda Qatar Bosh vaziri o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarga ishora qildi.
“Oldinga siljishga erisha olamizmi, yo‘qmi, ko‘ramiz. Nazarimda, dastlabki hujjatda aniq iboralar borasida ko‘p muhokamalar bo‘lyapti, shuning uchun bu bir necha kun vaqt oladi”, – dedi Marko Rubio Hindistonga rasmiy tashrifi chog‘ida jurnalistlarga.
Ayni paytda, “BBC” xabariga ko‘ra, Eron oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy har yili o‘tkaziladigan Haj ziyoratiga bag‘ishlangan murojaatida Yaqin Sharq “endi Amerika bazalari uchun panoh joy bo‘lmasligini” aytgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida Hurmuz bo‘g‘ozida Eron va AQSH o‘rtasida yuz bergan, tomonlarning har biri ikkinchisini ayblagan to‘qnashuv Donald Trampni sulh rejimini saqlab qolishni qatʼiy talab qilishga undagan edi.
“AP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

AQSh davlat kotibi: Vashington Ukrainadagi mojaroni tugatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga tayyor

Qadimiy Toledo shahrida taniqli ispan yozuvchisining “Temur uchun uch lochin” romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi


