AQSH matbuoti: Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Atlantada tayyorgarlik ko‘radi

May 26, 2026. 17:10 • 2 daq

36
AQSH matbuoti: Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Atlantada tayyorgarlik ko‘radi

TOSHKENT, 26-may. /“Dunyo” AA/. AQSHning “CBS News Atlanta” nashrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi FIFA Jahon chempionati doirasida Atlanta shahridagi zamonaviy sport bazasida tayyorgarlik ko‘rishi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi turnir davomida rasmiy baza sifatida “Atlanta United Training Center” majmuasidan foydalanadi. Mazkur sport infratuzilmasi AQSHdagi eng zamonaviy futbol markazlaridan biri hisoblanadi.

Maqolada O‘zbekiston milliy jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki mamlakat sporti tarixidagi muhim voqea sifatida baholangan. Xususan, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga chiqqan ilk mamlakat sifatida eʼtirof etilgani qayd etilgan.

“CBS News Atlanta” maʼlumotiga ko‘ra, terma jamoa 10-iyun kuni Atlanta shahriga yetib keladi va guruh bosqichi o‘yinlari oldidan tayyorgarlik jarayonlarini olib boradi. Shuningdek, O‘zbekiston jamoasi 27-iyun kuni Atlantada Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bahs olib boradi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Atlantada joylashishi shaharning Jahon chempionati infratuzilmasini shakllantirish borasidagi xalqaro maqomini yana-da mustahkamlashi taʼkidlangan. Atlanta 2026-yilgi mundial doirasida sakkizta uchrashuvga, jumladan, yarim final bahsiga mezbonlik qiladi.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston milliy jamoasi foydalanadigan mashg‘ulotlar bazasi 33 akr hududni egallagan bo‘lib, u oltita to‘liq o‘lchamli futbol maydoni, zamonaviy sport zallari, raqamli media studiyalar va 100 dan ortiq ofis xonalarini o‘z ichiga oladi. Mazkur majmuaga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmi 90 million dollardan oshadi.

Shu bilan birga, 2025-yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilgan qo‘shimcha 25 million dollarlik kengaytirish ishlari Jahon chempionati ishtirokchilarining yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishi uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratgani taʼkidlangan.

Materialda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida jahon futbolida katta nufuzga ega, Jahon chempioni va “Oltin to‘p” sohibi Fabio Kannavaroning ish faoliyati haqida ham maʼlumotlar keltirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish