AQSH qo‘shni Kubaga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar, xususan, desant tushirishni muhokama qilmoqda
Iyul 16, 2026. 18:30 • 2 daq
• 118
VASHINGTON–GAVANA, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Pentagon Kubaga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlarning bir nechta ssenariysini, jumladan, desant tushirishni ko‘rib chiqmoqda, biroq bu masala bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CBS News”ga tayanib.
Telekanalning Oq uydagi manbasiga ko‘ra, turli variantlar muhokamasi bir necha haftadan buyon davom etmoqda. Shu bilan birga, suhbatdoshlar yaqin kelajakda harbiy amaliyot o‘tkazilishi ehtimoli kamligi, chunki Pentagon resurslarining katta qismi Eron bilan ziddiyatga jalb qilinganini taʼkidlamoqda.
Avvalroq, AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset Kubaga nisbatan kuch ishlatish ssenariysini istisno qilmagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gavananing Amerika hududiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan qurollarni sotib olishi ehtimoli qarama-qarshilik uchun asos bo‘ladi.
Amerika razvedkasi maʼlumotlariga ko‘ra, Kuba Guantanamodagi AQSH bazasi, Harbiy dengiz kuchlari kemalari va Floridadagi harbiy obyektlarga zarba berish uchun qo‘llanishi mumkinligi aytilayotgan 300 dan ortiq uchuvchisiz uchoq (dron) sotib olgan.
Ayni vaqtda Vashington Kuba hukumatiga siyosiy va iqtisodiy bosimni kuchaytirishda davom etmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio AQSH mamlakatda siyosiy o‘zgarishlar bo‘lishidan hamon umidvor ekanini, biroq Kuba rahbariyatini islohotlardan voz kechishda va davlat ustidan to‘liq nazoratni saqlab qolishda ayblashini maʼlum qildi.
Kubaning o‘zida vaziyat keskinligicha qolmoqda. So‘nggi kunlarda mamlakatning bir qator hududlarida milliy energetika tizimining og‘ir ahvoli va yoqilg‘i tanqisligi sababli elektr energiyasi yana to‘liq o‘chirildi. Aholi bir necha soatlab davom etadigan muntazam elektr uzilishlariga duch kelmoqda.
Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel avvalroq mamlakat ehtimoliy tajovuzni qaytarishga tayyorligini aytgan edi. “Biz kurashamiz, o‘zimizni himoya qilamiz va agar jangda halok bo‘lish taqdirimizda bo‘lsa, Vatan uchun o‘lish – yashash demakdir”, – deya taʼkidladi u.
Shu bilan birga, “The Wall Street Journal” nashri AQSH maʼmuriyati Kubada hokimiyat almashinuvini 2026-yil oxirigacha o‘zining tashqi siyosiy maqsadlaridan biri sifatida ko‘rayotgani haqida xabar berdi. Ilgari bunday ssenariy Venesuelada amalga oshirilgan, o‘shanda sobiq prezident Nikolas Maduro amerikalik harbiylar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan edi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi