Sheyda Sag‘lam: O‘zbekistondagi qadamjolar asrlar silsilasidagi maʼnaviy xazina

Iyul 16, 2026. 17:00 • 2 daq

76
Sheyda Sag‘lam: O‘zbekistondagi qadamjolar asrlar silsilasidagi maʼnaviy xazina

ANQARA, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning ommabop “61 Saat” yangiliklar portalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari va milliy-maʼnaviy merosiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, turkiyalik sanʼatshunos olima Sheyda Sag‘lam Toshkent, Samarqand va Buxoroga qilgan sayohati taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U O‘zbekistondagi qadamjolar har qanday sayyohni uzoq tarix qaʼriga yetaklashini alohida taʼkidlagan.

Xususan, Samarqandning meʼmoriy ulug‘vorligi, Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi va Shohi Zinda majmuasining jozibadorligi turistlarni bir zumga bo‘lsa-da o‘tmish bilan yuzlashishga undaydi. Buyuk olim va astronom Mirzo Ulug‘bek hamda kalom ilmining asoschilaridan biri Imom Moturidiy merosi orqali ushbu zaminda ilm-fan va maʼnaviyat asrlar davomida uzviy rivojlanganiga eʼtibor qaratilgan.

Nashrda ko‘hna Buxoro shahrining islom olamidagi yuksak mavqei alohida eʼtirof etilgan. Kalon minorasi va Ismoil Somoniy maqbarasining meʼmoriy mukammalligi, Bahouddin Naqshband majmuasidagi maʼnaviy muhit sayohatchilarga unutilmas onlarni tuhfa etishi qayd etilgan. Muallif naqshbandiya taʼlimotining asosiy g‘oyasi — “Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin” hikmati bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini bayon qilgan.

Turkiyaning nufuzli media maydonida eʼlon qilingan ushbu maqola ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy-maʼnaviy ko‘priklarni yana-da mustahkamlashga hamda turkiyalik ziyoratchilarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish