O‘zbekistonda 1-avgustdan metallurgiya sohasini nazorat qilish elektron tizimi ishga tushiriladi
Iyul 16, 2026. 16:00 • 2 daq
• 44
MOSKVA, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Interfaks” axborot agentligida O‘zbekistonda metallurgiya sohasini rivojlantirish borasidagi islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatida qora metallurgiya sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohadagi yashirin aylanmalarni qisqartirish va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha bergan topshiriqlari haqida so‘z yuritilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatda har yili “O‘zmetkombinat”ga 700 ming tonna atrofida qora metall yetkazib berilsa-da, yana qariyb 500 ming tonna xomashyo rasmiy hisobdan tashqari aylanmada qolmoqda.
Shu bois, joriy yil 1-avgustdan boshlab metall chiqindilari harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi “E-com” elektron platformasi ishga tushiriladi. Shuningdek, hukumat huzurida raqobat muhitini rivojlantirish, ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash va sohani muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi loyiha ofisi tashkil etiladi.
So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonning metall mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji ikki barobar oshib, yiliga 5,5 million tonnaga yetgan. 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkich 8 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan mahalliy konlarni o‘zlashtirishni jadallashtirish hamda Tojikistondan har yili 700 ming tonna ruda yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni yakunlash vazifasi belgilangan.
Shuningdek, davlat rahbari tomonidan 3D bosma texnologiyalarini joriy etish, choksiz quvurlar ishlab chiqarish va qiymati 100 million dollarlik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham topshiriqlar berilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi