AQSH Kuba prezidentiga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi

Iyun 05, 2026. 20:25 • 2 daq

26
AQSH Kuba prezidentiga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi

GAVANA, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Amerika Qo‘shma Shtatlari Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel hamda u bilan bog‘liq qator shaxslar va tashkilotlarga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri AQSH Moliya vazirligi saytiga tayanib.

Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rtta jismoniy shaxs va beshta tashkilot cheklovlarga uchragan. Sanksiyalar ro‘yxatiga, xususan, prezidentning rafiqasi Lis Kuesta Perasa, Kastro oilasining ikki a’zosi, Kuba inqilobiy qurolli kuchlari vazirligi kiritilgan.

Nashr e’lon qilingan paytda Amerika rasmiylari tomonidan yangi cheklovlar bo‘yicha rasmiy izohlar berilmagan. AQSH prezidenti Donald Trampning aytishicha, Vashington Kubani “yaxshi boshqariladigan mamlakat”ga aylantirishga intilmoqda.

Sanksiyalarning joriy etilishi AQSHning Gavanaga bosimni kuchaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadami bo‘ldi. Avvalroq, Amerika tomoni sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, ularga Kuba rasmiylari, harbiy rahbariyat vakillari va davlat boshqaruvi bilan bog‘liq tuzilmalarni kiritgan edi.

Kuba hukumati yangi choralarni keskin qoraladi. Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges sanksiyalarni “jirkanch” deb atadi va ular AQSHning intervension siyosatining navbatdagi ko‘rinishi ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar ikki davlat o‘rtasida qarama-qarshilik ssenariysini yaratishga qaratilgan, biroq “muvaffaqiyatsizlikka mahkum”.

Raul Kastrodan keyin 2018-yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel yangi cheklovlar blokada siyosatining bir qismi ekanini va Kuba xalqiga qarshi qaratilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Gavana “imperiya bosimi”ga qarshi turish niyatida.

Vashington va Gavana o‘rtasidagi keskinlik AQSHning 1962-yildan beri amalda bo‘lgan ko‘p yillik iqtisodiy embargosi, shuningdek, orolda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi fonida saqlanib qolmoqda. Xalqaro OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kuba neft zaxiralarining to‘liq tugashi, elektr ta’minotidagi uzilishlar va oziq-ovqat, dori-darmon va asosiy xizmatlar tanqisligiga duch kelmoqda.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish