Pokiston OAV: O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etmoqda

Iyun 05, 2026. 17:55 • 3 daq

40
Pokiston OAV: O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etmoqda
Pokiston OAV: O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etmoqda
Pokiston OAV: O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etmoqda

ISLOMOBOD, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Independent” gazetasi, “The World News”, “The Gulf Observer” va “Infora News” kabi ommabop nashrlarida “Termiz muloqoti” Janubiy Osiyo bilan iqtisodiy integratsiya yo‘nalishini belgilamoqda» carlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining yetakchi eksperti Ziyoda Rizayeva qalamiga mansub maqolada yozilganidek, O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning eng faol markazlaridan biri sifatida o‘z mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Jahon savdo arxitekturasining o‘zgarishi, ishlab chiqarish zanjirlarining qayta shakllanishi va mintaqaviy bozorlar rolining ortishi Janubiy Osiyo yo‘nalishining ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda.

“Bunday sharoitda O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etmoqda, – degan muallif. –Bugungi kunda O‘zbekiston mintaqa davlatlari orasida Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni eng faol rivojlantirayotgan davlatlardan biri hisoblanadi”.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston bilan Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 9 yil davomida (2016–2025-yillar) 3,2 barobarga oshib, 3,5 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning mazkur mintaqaga eksporti 3 barobarga (2 milliard dollar), importi esa 4,1 barobarga (1,5 milliard dollar) o‘sdi.

“Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo hajmi bo‘yicha Pokiston 445,9 million dollar yoki 12,7 foiz ulush bilan uchinchi o‘rinni egallaydi. 2025-yilda O‘zbekistonning Pokistonga eksporti tarkibiga 260,2 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari, 21,2 million dollarlik sanoat mahsulotlari, 30,1 million dollarlik xizmatlar hamda 13,2 million dollarlik nooziq-ovqat xom ashyosi kirdi. 2025-yilda Pokistondan import tarkibiga 56,2 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari, 45,3 million dollarlik kimyo mahsulotlari, 6,4 million dollarlik sanoat mahsulotlari, shuningdek 5,2 million dollarlik turli tayyor mahsulotlar kirdi”, – deb ma’lum qilingan manbalarda.

Nashrlarda O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini rivojlantirishda Termiz alohida o‘rin tutishi qayd etilgan. Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan ushbu shahar ikki mintaqani bog‘lovchi savdo, investitsiya va gumanitar markaz vazifasini bajarmoqda.

“Aslida, Termiz Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik markazlaridan biriga aylanmoqda. Savdo infratuzilmasi, logistika, gumanitar loyihalar va ishbilarmonlik faoliyatining rivojlanishi ikki mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirib, O‘zbekistonning mintaqalararo hamkorlikni ilgari surishdagi rolini kuchaytirmoqda”, – deya ta’kidlangan materiallarda.

Shuningdek, maqolalarda “Termiz muloqoti” Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining uzoq muddatli manfaatlarini muvofiqlashtirishga xizmat qiluvchi doimiy muloqot maydoni ahamiyatini kasb etayotgani alohida urg‘ulangan. Kelgusi forum savdo, investitsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslari va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi yuksak baholangan.

“Shu bilan birga, muloqotning muntazam formati pragmatik hamkorlik, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va ikki mintaqa o‘rtasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlarini kengaytirishga asoslangan yanada barqaror mintaqalararo hamkorlik modelini shakllantirishga xizmat qiladi”, – deb yozgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish