Xitoy kompaniyasi Sirdaryoda tibbiy ta’limni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitishga ko‘maklashadi

Noyabr 23, 2026. 13:00 • 2 daq

• 4
Xitoy kompaniyasi Sirdaryoda tibbiy ta’limni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitishga ko‘maklashadi
Xitoy kompaniyasi Sirdaryoda tibbiy ta’limni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitishga ko‘maklashadi
Xitoy kompaniyasi Sirdaryoda tibbiy ta’limni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitishga ko‘maklashadi

GUANCHJOU, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Xitoyning “Guangdong DeXin Medical Technology” kompaniyasi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning Sirdaryo viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumiga safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiy ta’lim sohasida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni mahalliy ta’lim jarayoniga tatbiq etishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv va muzokaralar davomida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy tibbiy uskunalarni o‘quv jarayoniga joriy etish orqali texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, akusherlik va ginekologiya, jarrohlik hamda hamshiralik yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy simulyatsion o‘quv xonalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, yoshlarning nazariy bilimini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish, klinik vaziyatlarni o‘quv sharoitida modellashtirish va kelgusidagi kasbiy faoliyatga tayyorgarligini oshirish maqsadida ilg‘or simulyatsion texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar chog‘ida xodimlarning kasbiy malakasini oshirish, ularning zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur tashrif va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohalaridagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, tibbiy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish