O‘zbekiston delegatsiyasi YUNЕSKOda ta’lim masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi vazirlar muloqotida ishtirok etdi

Noyabr 22, 2026. 12:00 • 2 daq

• 140
O‘zbekiston delegatsiyasi YUNЕSKOda ta’lim masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi vazirlar muloqotida ishtirok etdi

PARIJ, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Parij shahridagi YUNЕSKO bosh qarorgohida “2030 yilgacha va undan keyingi davrda kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va o‘qitishni rivojlantirish” mavzusida yuqori darajadagi vazirlar muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

YUNЕSKOning kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha yangi Global hisoboti taqdimotiga bag‘ishlangan xalqaro forum doirasida o‘tgan tadbirda a’zo davlatlar vazirlari, yuqori martabali vakillari hamda tashkilot rahbariyati ishtirok etdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Yo‘ldoshev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini taqdim etdi. Qayd etilishicha, davlat tomonidan moliyalashtirishning izchil oshirilishi, davlat-xususiy sheriklikning rivojlantirilishi va muassasalar tarmog‘ining kengaytirilishi natijasida so‘nggi o‘n yil ichida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 30 foizdan 78 foizga yetib, qariyb 2,4 million nafar bolani tashkil etdi. Shuningdek, ishtirokchilarga Toshkentda YUNЕSKOning maktabgacha ta’limni rivojlantirish markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Turkiya, Marokash, Ummon, Saudiya Arabistoni, Uganda, JAR, Gabon, Keniya va Kabo-Verde ta’lim vazirliklari rahbarlari qatnashgan muloqotda O‘zbekiston yutuqlari hamda 2022-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Butunjahon konferensiyasi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining xalqaro ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, YUNЕSKOning Uzluksiz ta’lim tizimlari siyosati bo‘limi direktori Borxen Chakrun O‘zbekistondagi tizimli o‘zgarishlar, davlat investitsiyalarining o‘sishi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining muvaffaqiyatli qo‘llanilishini yuqori baholadi. U O‘zbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otishini, “Toshkent deklaratsiyasi” esa mazkur sohadagi xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu muloqotdagi ishtiroki milliy islohotlar natijalarini xalqaro hamjamiyatga yetkazish, mamlakatimizning Toshkent deklaratsiyasi ijrosiga sodiqligini tasdiqlash va YUNЕSKO bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish