“The Diplomat”: JCH–2026 da ishtirok etish o‘zbek futboli uchun “oltin davr”ni boshlab berishi mumkin

May 17, 2026. 11:00 • 2 daq

80
“The Diplomat”: JCH–2026 da ishtirok etish o‘zbek futboli uchun “oltin davr”ni boshlab berishi mumkin

VASHINGTON, 17-may. /“Dunyo” AA/. Amerikaning “The Diplomat” onlayn nashri O‘zbekistonda futbol jadal rivojlanayotgani va milliy sportning xalqaro miqyosda eʼtirofi ortib borayotganiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston terma jamoasining 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma olishi mamlakat futboli tarixida yangi bosqich boshlanishiga va uning “oltin davri” shakllanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani alohida qayd etilgan. Nashrning baholashicha, bu yutuq butun mintaqa uchun tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Taraqqiyotning asosiy omillari qatorida o‘zbek futbolchilarining Yevropaning yetakchi chempionatlarida ko‘payib borayotgani alohida ko‘rsatilgan. Xususan, Abduqodir Husanovning “Lans” klubidagi o‘yinlari va uning ortib borayotgan xalqaro nufuziga eʼtibor qaratilgan.

Yoshlar futbolida ham ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. 2023-yilgi Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston U-20 terma jamoasi milliy futbolning xalqaro maydondagi kelgusi muvaffaqiyatlari uchun poydevor sifatida qaralayotgani qayd etilgan.

Maqolada ayollar futbolini rivojlantirishga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. O‘zbekiston ayollar terma jamoasining 2026-yilgi Osiyo kubogi chorak finaliga chiqishi, shuningdek, 2029 yilda mamlakatda ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogining o‘tkazilishi ushbu yo‘nalishga qiziqishning yana-da ortishiga xizmat qilishi taʼkidlangan.

Shuningdek, nashrda O‘zbekistonning sportdagi yutuqlari, jumladan, 2024-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki mamlakatda professional sport infratuzilmasi va sportchilarni tayyorlash tizimi izchil rivojlanayotgani alohida eʼtirof etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish