“The Diplomatic Insight”: “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi faol amalga oshirilmoqda

Avgust 08, 2026. 11:30 • 2 daq

5
“The Diplomatic Insight”: “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi faol amalga oshirilmoqda

ISLOMOBOD, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic Insight” nashrida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatovning intervyusi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Intervyuda O‘zbekiston Prezidentining shu yil 30-iyul – 1-avgust kunlari Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlari rivojida yangi bosqichni boshlagani taʼkidlangan.

Akramjon Neʼmatovning taʼkidlashicha, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Ko‘p yillik muhokamalardan so‘ng loyiha faol qurilish bosqichiga o‘tdi.

Ushbu loyiha Sharq va G‘arb o‘rtasidagi qisqa va samarali quruqlik yo‘nalishi – zamonaviy temir yo‘lini shakllantirish orqali Yevrosiyoning transport-logistika xaritasini tubdan o‘zgartirmoqda.

Yangi magistralning loyiha quvvati yiliga 15 million tonnagacha yuk tashishni tashkil etadi. Ko‘lamni tasavvur qilish uchun 2025-yilda Qirg‘iziston temir yo‘llari orqali jami 10,5 million tonna yuk tashilganini qayd etish kifoya. Demak, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyiha ko‘rsatkichlariga chiqqach, uning o‘tkazish quvvati Qirg‘iziston milliy temir yo‘l tizimining hozirgi umumiy yuk tashish hajmidan ham yuqori bo‘ladi.

Ekspertning aytishicha, O‘zbekiston uchun bu tranzit markazi maqomini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan qadam bo‘lib, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va undan keyin Yevropaning yirik bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xavfsiz chiqish imkonini beradi. Qirg‘iziston uchun esa loyiha ilgari borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarni xo‘jalik faoliyatiga keng jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishni anglatadi.

Suhbatda “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lining O‘rta yo‘lak, Transafg‘on yo‘nalishi va Eron orqali o‘tadigan transport tarmoqlari bilan bog‘lanishi Yevro0siyo o‘zaro bog‘liqligining prinsipial jihatdan yangi tizimini shakllantirishi ayon bo‘lgani qayd etilgan.

Taʼkidlanishicha, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” yo‘nalishining amaliy ro‘yobga chiqarilishi yuksak surʼat va standartlarni belgilab bermoqda. Bu Markaziy Osiyoga Hind okeani portlariga eng qisqa chiqish imkonini beradigan Transafg‘on loyihasini tezroq ilgari surish va amalga oshirishga kuchli ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

“Amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami haqiqatan ham katta taassurot uyg‘otmoqda va “asr qurilishi” eng faol amaliy bosqichga o‘tganini yaqqol ko‘rsatyapti”, – degan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish