Turkiy davlatlar tashkilotida O‘zbekistonning roli va ahamiyati ortib bormoqda

Oktabr 27, 2026. 15:00 • 2 daq

• 19
Turkiy davlatlar tashkilotida O‘zbekistonning roli va ahamiyati ortib bormoqda

ANQARA, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning 13-sammiti arafasida Anqara inqiroz va siyosatni o‘rganish markazi (ANKASAM) raisi, professor Mehmet Sayfettin Erol O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va tashkilotni rivojlantirishdagi o‘rni haqida fikr bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tahlil markazi rahbari “Anqarada kutilayotgan TDT tarixiy sammiti: Bosh kotiblik ilk bor O‘zbekistonga o‘tmoqda” sarlavhali maqolasida bo‘lajak uchrashuv global beqarorlik va geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygan bir sharoitda o‘tayotganini ta’kidlagan.

Professorning baholashicha, Turkiyaning raisligi va yaqin orada O‘zbekiston vakilining Bosh kotib lavozimiga tayinlanishi tashkilotning institutsional rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Ekspert Prezidentlar Rejep Tayyip Erdog‘an va Shavkat Mirziyoyevning yaqin hamkorligiga asoslangan Anqara va Toshkent o‘rtasidagi strategik sheriklikning alohida ahamiyatini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiya borasida to‘plagan tajribasi turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Mehmet Sayfettin Erol ustuvor yo‘nalishlar sifatida savdo va investitsiyalar, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish, raqamlashtirish, energetik va ekologik xavfsizlik, transchegaraviy tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish masalalarini alohida ko‘rsatib o‘tdi.

Muallifning fikricha, Anqara sammiti TDTning siyosiy muloqotdan yanada chuqurroq iqtisodiy va institutsional integratsiyaga o‘tishida muhim bosqich bo‘lib, shakllanayotgan ko‘p qutbli xalqaro munosabatlar tizimida turkiy dunyo mavqeini mustahkamlashi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish