Logo

Tinchlik kun tartibini mustahkamlash: O‘zbekiston Tinchlik kengashi doirasida konstruktiv tashabbuslarni ilgari surishni maqsad qilgan

Fevral 17, 2026. 12:47 • 3 daq

20
Tinchlik kun tartibini mustahkamlash: O‘zbekiston Tinchlik kengashi doirasida konstruktiv tashabbuslarni ilgari surishni maqsad qilgan

TOSHKENT, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17–19-fevral kunlari AQShga tashrif buyurib, muloqotni rivojlantirish hamda dolzarb global va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish uchun ko‘p tomonlama platforma sifatida tashkil etilgan yangi xalqaro tuzilma – Tinchlik kengashining birinchi majlisida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2026-yil yanvar oyida Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida Tinchlik kengashi taʼsis shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatlar, hukumatlar rahbarlari va bir qator taʼsischi mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.

Yil boshida ilgari surilgan ushbu tashabbus qator davlatlar, jumladan, Kengash taʼsischilari qatoriga kirgan O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, tinch diplomatiya, ko‘p tomonlama hamkorlik va xalqaro barqarorlikni saqlash uchun masʼuliyat tamoyillariga sodiqligini tasdiqladi.

Tinchlik kengashining tashkil etilishi xalqaro hamjamiyatning mojarolarni oldini olishning taʼsirchan mexanizmlarini shakllantirish va hozirgi zamonning, eng avvalo, Yaqin Sharq mintaqasidagi eng o‘tkir inqirozlarning siyosiy-diplomatik yechimlarini izlash borasidagi saʼy-harakatlarining mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekistonning ushbu tuzilmani taʼsis etishdagi ishtiroki Toshkentning muloqot, xalqaro huquqni hurmat qilish va kuch ssenariylariga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan izchil tashqi siyosatini aks ettiradi. Davlatimizning BMT rezolyutsiyalariga muvofiq adolatli va barqaror tinchlik yechimini qo‘llab-quvvatlashga asoslangan Falastin masalasi bo‘yicha pozitsiyasi ushbu tashabbus doirasida qo‘shimcha xalqaro ruh oldi.

O‘zbekiston davlat rahbarining Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etishi so‘nggi oylarda kuzatilayotgan O‘zbekiston – AQSh siyosiy muloqotining faollashuviga hamohangdir. O‘tgan yarim yil ichida Toshkent va Vashington o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar sezilarli darajada faollashdi. Bu ikki tomonlama munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichidan dalolat beradi.

Xususan, o‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tashrif buyurdi. Unda davlat rahbarlari va xalqaro tashkilotlar yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muloqot 2025-yil noyabr oyi boshida O‘zbekiston Prezidentining Qo‘shma Shtatlarga amaliy tashrifi chog‘ida yana-da rivojlandi. AQSh Prezidenti bilan muzokaralar, Amerika isteblishmenti, Kongressi va ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida strategik sheriklik, iqtisodiy hamkorlik, investitsiyaviy sheriklik va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga, shu jumladan, tomonlar Markaziy Osiyodagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi sifatida ko‘rayotgan “C5+1” formatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Toshkent va Vashington o‘rtasidagi aloqalar turli formatlarda, jumladan, telefon orqali muloqotlar va tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikda qo‘llab-quvvatlandi. Iqtisodiy muloqotning kengayishi va biznes hamkorligi uchun yangi platformalarning yaratilishi ishonch mustahkamlanayotganining qo‘shimcha dalili bo‘ldi. Bu amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdorligini aks ettiradi. Qo‘shma Shtatlarda O‘zbekistonga vazmin va pragmatik tashqi siyosat olib borayotgan ishonchli, oldindan aytish mumkin bo‘lgan va masʼuliyatli hamkor sifatida qarash tobora barqaror tus olmoqda.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Jahon kengashidagi ishtiroki mamlakatning xalqaro nufuzi ortib borayotgani va uning global jarayonlardagi konstruktiv roli eʼtirof etilayotgani ifodasi sifatida baholanmoqda. Vashington uchun bu, Toshkent Yevroosiyo va undan tashqarida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda muhim hamkor ekanining tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi.

Siyosiy muloqot faollashgani fonida O‘zbekiston–AQSh hamkorligi muhim yo‘nalishlarda kengayib bormoqda. Gap mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, savdo va investitsiyalarni rivojlantirish, gumanitar va taʼlim aloqalarini chuqurlashtirish haqida bormoqda. Energetika, raqamlashtirish, infratuzilma va kadrlar tayyorlash borasidagi qo‘shma loyihalar uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekiston Prezidentining Tinchlik kengashining bo‘lajak birinchi yig‘ilishida ishtirok etishi nafaqat mamlakatning xalqaro muloqotning yangi arxitekturasini shakllantirishdagi faol rolini taʼkidlaydi, balki O‘zbekiston–AQSh munosabatlarining ijobiy dinamikasini to‘ldiradi. AQShga ushbu tashrif, shubhasiz, Toshkent va Vashington o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni har ikki tomon manfaatlariga, mintaqada va umuman dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash vazifalariga javob beradigan barqaror strategik darajaga olib chiqishga xizmat qiladi.

Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish