Ruhi Ersoy: O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar butun turkiy dunyoga o‘rnak bo‘la oladi
Yanvar 30, 2026. 15:33 • 2 daq
• 77
ANQARA, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi Ahmad Javod instituti rektori Ruhi Ersoy “Dunyo” AA uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi yakunlari yuzasidan fikr bildirdi:
– Ikki davlat rahbarlarining “bir millat, ikki davlat” konsepsiyasiga asoslangan uchrashuvi strategik hamkorlikning eng yuqori cho‘qqisidir.
Biz uchun Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anning uchrashuvi turkiy dunyo yana birlashishini anglatadi. Bu uchrashuv nafaqat siyosiy, balki savdo-iqtisodiy, madaniy, til va mafkuraviy jihatdan ham g‘oyat muhimdir.
Madaniy va lisoniy mushtaraklikni mustahkamlash bilan birga, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tashriflar sonini ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, davlat rahbarlari tomonidan mamlakatlarimizda 2026 yilning “Oila yili” hamda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani, ijtimoiy rivojlanishga alohida eʼtibor qaratilayotgani juda qimmatli tashabbuslardir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda so‘nggi to‘qqiz yilda amalga oshirilgan islohotlar butun turkiy dunyoga o‘rnak bo‘la oladi. O‘zbekiston mustaqil turkiy davlatlar orasida davlatchilik anʼanalari eng teran bo‘lgan mamlakatlardan biri bo‘lib, bu davrda turkiy dunyoning yuragi, tafakkuri va irodasi ekanini yaqqol namoyon etdi.
Birinchi Renessans davridan, yaʼni Amir Temur zamonidan to hozirgi kungacha saqlanib qolgan davlatchilik anʼanalari doirasida biz Shavkat Mirziyoyevning Prezidentligini nihoyatda qadrli deb baholaymiz.
Anqara va Toshkent o‘rtasidagi birodarlik nafaqat savdo aloqalari, balki chuqur tarixiy va madaniy aloqalar ekanligini juda yaxshi tushunamiz.
Turkiy davlatlar sifatida, xususan, O‘zbekiston va Turkiya nihoyatda boy va kuchli tarixiy merosga egamiz. Bu birlik nafaqat turkiy dunyo, balki butun insoniyat uchun zarur. Biz qadriyatlarimizni insoniyatning umidi va davosi sifatida ko‘rsatish irodasini namoyon etishimiz kerak.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
