O‘zbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki delegatsiyasini qabul qildi
Fevral 10, 2026. 17:05 • 56 soniya
• 126
TOSHKENT, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu nufuzli ko‘p tomonlama moliyaviy institut rahbarini lavozimga kirishgani bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan strategik sherikligini kengaytirishning amaliy masalalari atroflicha muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda bank bilan ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Amaldagi va istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli 7 milliard dollardan oshdi. O‘tgan yilning o‘zida moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.
O‘zbekiston Prezidenti xususiy sektor, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish, kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshirishga ko‘maklashish, muqobil energetika, energiya samaradorligi, suv taʼminoti, ijtimoiy xizmatni rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda samarali hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi.
OIIBning mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilmaviy loyihalarda faol ishtirok etishi muhimligi taʼkidlandi.
O‘z navbatida, Szou Szyai mamlakatimizdagi o‘zgarishlar ko‘lamini yuqori baholab, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
