O‘zbekiston va Slovakiya madaniyat sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

May 20, 2026. 17:25 • 2 daq

63
O‘zbekiston va Slovakiya madaniyat sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

TOSHKENT, 20-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Slovakiya madaniyat vazirlari o‘rinbosarlari onlayn shaklda muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Slovakiya delegatsiyasiga mamlakat Madaniyat vazirligining davlat kotibi Mario Marushka rahbarlik qildi. Ushbu muloqot ikki davlat madaniyat vazirlari o‘rinbosarlari boshchiligidagi doimiy ishchi guruhning ilk yig‘ilishi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuvda madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, madaniy almashinuvlarni muntazam yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalar sonini oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar ko‘rgazmalar, film namoyishlari, konsert dasturlari tashkil etish, muzeylar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda ijodiy jamoalar va soha mutaxassislari almashinuvini faollashtirish bo‘yicha takliflar yuzasidan fikr almashdi.

Muzokaralarda Bratislava shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlarini tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur tadbir doirasida O‘zbekistonning milliy sanʼati, xalq amaliy ijodi, kinosi, musiqasi hamda boy gastronomik merosi Yevropa jamoatchiligiga keng namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, tomonlar madaniy merosga asoslangan turistik mahsulotlarni rivojlantirish, zamonaviy onlayn platformalar yaratish va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalarini ham muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish maqsadida 1997-yilda imzolangan ikki tomonlama bitimni zamon talablariga muvofiq yangilash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish