Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti kuni o‘tkazildi

May 20, 2026. 10:55 • 2 daq

165
Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti kuni o‘tkazildi

TOSHKENT, 20-may. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni – 2026” forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Germaniya sanoati va savdo palatasi hamda Germaniya–O‘zbekiston biznes hamkorligi byurosi (DUWK) tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Forumda O‘zbekiston va Germaniyadagi elchixonalar diplomatlari, hukumat doiralari, yirik kompaniyalar, investorlar, xalqaro moliyaviy institutlar va ekspertlar, germaniyalik tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokchilarni qutlab, Germaniya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar haqida fikr bildirdi.

Forumda investitsiya muhitini takomillashtirish, huquqiy kafolatlarni mustahkamlash hamda logistika va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida ikkita panel sessiyasi tashkil etildi. Ularning birinchisi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nemis kompaniyalari duch kelayotgan dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Unda yirik nemis investorlari, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etib, biznes yuritish sharoitlarini yana-da yaxshilash bo‘yicha amaliy takliflarni ilgari surdilar.

Ikkinchi panel sessiyasida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi O‘zbekiston–Germaniya hamkorligi masalalari ko‘rib chiqildi. Germaniya tajribasi asosida dual kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish, qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish va iqtisodiyot ehtiyojlariga muvofiq malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.

“Askania Bildung” kompaniyasi rahbari Ingo Yung:

– O‘zbekistonda dual kasbiy taʼlim sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunda Buxoro, Urganch, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent shaharlarida o‘quvchilar nemis tili bilan birga metallga ishlov berish, elektrotexnika, elektronika, qurilish texnikasi va ombor logistikasi yo‘nalishlarida tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Bu dastur yoshlarga Germaniyada o‘qish va ishlash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni berishga xizmat qiladi.

“Papenburg Unternehmensgruppe” kompaniyasi boshqaruv aʼzosi, O‘zbekistonning Saksoniya-Anhalt va Quyi Saksoniya federal o‘lkalari Faxriy konsuli Angela Papenburg:

– Hozirgi kunda biz GIZ bilan hamkorlikda Andijonda kasb-hunar trening Markazini ochishni rejalashtiryapmiz. Biz markaz ko‘plab yoshlarni qamrab olishini, bu orqali ularni kasbga yo‘naltirish hamda kasbiy taʼlim imkoniyatlari yaratishni istaymiz. Bu yerda o‘quvchilar uchun kasbga yo‘naltirish bo‘yicha tadbirlar ham o‘tkazamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish