O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida nishonlanadi
Aprel 03, 2026. 11:37 • 2 daq
• 17
TOSHKENT, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur hujjatga ko‘ra, mamlakatimiz istiqlolining 35 yillik tantanasi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda, Yangi O‘zbekistonning ulkan salohiyati va jahon maydonidagi yuksak nufuziga muvofiq tarzda nishonlanadi. Qaror bilan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligidagi Respublika komissiyasi tarkibi hamda keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Qarorda bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Jumladan, 2026-yil 1-iyunga qadar milliy suverenitet g‘oyalarini aks ettiruvchi “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining loyihasi ishlab chiqiladi va u mamlakat bo‘ylab barpo etilayotgan “Umummilliy birdamlik bog‘lari”da o‘rnatiladi. Shuningdek, islohotlar sarhisobini o‘zida jamlagan “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi tayyorlanadi, Markaziy bank tomonidan esa “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasi zarb etiladi.
Raqamli makonda ham keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari rejalashtirilgan: ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35 va #Uzb35 xeshteglari ostida fleshmoblar va podkastlar tashkil etiladi, telekanallarda “35 yillik Istiqlol yilnomasi” turkum hujjatli filmlari namoyish etiladi. Avgust oyida Toshkentda “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi, xorijdagi vatandoshlar ishtirokida esa madaniy tadbirlar tashkil etilishi belgilandi.
Bayram arafasida mamlakatimizning turli hududlarida yirik sanoat, madaniyat va sport inshootlarining tantanali ochilishi rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlarning barchasi xalqimizning birdamligini namoyish etishga, istiqlol bergan beqiyos imkoniyatlarni qadrlashga va kelajak avlodlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi