O‘zbekiston va Chexiya qalbaki mahsulotlarga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi

Oktabr 25, 2026. 10:30 • 2 daq

• 107
O‘zbekiston va Chexiya qalbaki mahsulotlarga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi

PRAGA, 25-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Chexiya mutaxassislari bozor nazorati, mahsulotlar xavfsizligi hamda qalbaki tovarlarga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Chexiya savdo inspeksiyasi va Bojxona ma’muriyati vakillari, O‘zbekiston viloyatlaridagi hududiy inspektorlar ishtirok etdi.

Tadbir Texnik jihatdan tartibga solish agentligi delegatsiyasining 2026-yil iyul oyida Pragaga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida tashkil etildi. Unda Chexiya tomoni bozor nazoratini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash va kontrafakt tovarlarni aniqlash bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi.

Savdo inspeksiyasi va bojxona organlarining vakolatlari, ularning o‘zaro hamkorligi hamda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar qalbaki mahsulotlarni aniqlash mexanizmlari, ularni mamlakatga olib kirish va bozorda muomalaga kiritishni cheklash choralarini ko‘rib chiqdilar.

Taqdimotlar davomida O‘zbekiston tomoni Chexiya tajribasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar va tushuntirishlar oldi. Hududiy inspektorlarning ishtiroki joylardagi bo‘linmalar faoliyatida xorijiy yondashuvlarni qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish