Sankt-Peterburgdagi kutubxonada “O‘zbek adabiyoti burchagi” ochildi
Oktabr 25, 2026. 10:00 • 2 daq
• 1SANKT-PЕTЕRBURG, 25-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona tomonidan Sankt-Peterburg aholisi o‘rtasida o‘zbek adabiyoti va milliy madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Sankt-Peterburg shahridagi M.Yu.Lermontov nomidagi kutubxona filialida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlab “O‘zbek adabiyoti burchagi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Bosh konsulxona tomonidan kutubxona bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ochilish marosimida kutubxona vakillari, pedagoglar, vatandoshlar hamda yosh kitobxonlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Bosh konsulxona kutubxona fondiga o‘zbek va rus tillaridagi kitoblar hamda bosma nashrlarni, jumladan, Gulchehra-Begim Mahmudova (“Zamonlar ruhi haqida doston” turkumi), Kristina Kretova, Madina Mo‘minova, Nazifa Karimova va Raim Farxodiyning asarlarini taqdim etdi.
Ushbu nashrlarni topshirishdan ko‘zlangan maqsad – yosh kitobxonlarni O‘zbekistonning tarixi, geografiyasi va madaniyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir mehmonlariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida maxsus bezatilgan fotozona tashkil etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zbek tilini asrab-avaylash va ommalashtirish, gumanitar aloqalar hamda madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi bunday tashabbuslarning muhim ahamiyatini alohida e’tirof etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




