O‘zbekiston va Qatar parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarish va tajriba almashishni faollashtirishga kelishib oldi

Noyabr 06, 2026. 12:00 • 2 daq

• 100
O‘zbekiston va Qatar parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarish va tajriba almashishni faollashtirishga kelishib oldi

DOHA, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Qatar parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda Qatar–Osiyo parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi, Majlis ash-Shuro a’zosi Ahmad al-Hitmiy, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov hamda Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi do‘stlik guruhlarining boshqa a’zolari ishtirok etdi.

Muloqot davomida Qatar parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, parlament faoliyatining turli yo‘nalishlarida tajriba almashish, shuningdek, xalqaro parlament maydonlarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat doirasida xorijiy davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Qatar tomoni qonun ijodkorligi sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlash, qonun loyihalarini ishlab chiqishda tajriba almashish, shuningdek, madaniy-gumanitar, turizm, sport, fan va ta’lim sohalarida parlamentlararo muloqotni faollashtirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Mazkur muloqot O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi oliy darajada shakllangan ishonchli munosabatlarni parlament diplomatiyasi orqali yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish