Belarusda O‘zbekistonning oila, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi taqdim etildi

Oktabr 14, 2026. 12:30 • 2 daq

• 157
Belarusda O‘zbekistonning oila, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi taqdim etildi
Belarusda O‘zbekistonning oila, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi taqdim etildi

POLOTSK, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Belarusning Polotsk shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi Zumrad Bekatova mamlakatimizning oila, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi haqida so‘z yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

U o‘z chiqishida O‘zbekistonda oila muqaddas qadriyat va kichik vatan sifatida e’zozlanishi, jamiyat barqarorligi hamda mamlakat kelajagi ko‘p jihatdan uning farovonligiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Senator respublikada ijtimoiy himoyaning qonunchilik bazasi takomillashtirilayotgani, yoshlar kamoloti, aholi bandligini oshirish va oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtiyojmand fuqarolarni o‘qitish va davolash, ularni zarur reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan texnologik va ma’rifiy tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda.

Davlat siyosatining samaradorligini baholash jarayonida oilalar ahvoli va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalarini tadqiq qiluvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutlari ham ishtirok etmoqda.

“Oila – bu kichik vatan. Agar oilada tinchlik va totuvlik hukm sursa, mamlakat gullab-yashnaydi”, – dedi Zumrad Bekatova.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni oilaviy hamda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni asrab-avaylash masalalarida tajriba almashish va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda xalqaro forumlarning ahamiyati katta ekanini qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish