“DKNews”: Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini shakllantirmoqda
Noyabr 06, 2026. 11:00 • 2 daq
• 15
OSTONA, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “DKNews” nashrida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi modeliga bag‘ishlangan maqola ingliz va rus tillarida e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Ilgari chegaraviy kelishmovchiliklar, suv-energetika masalalari, savdo to‘siqlari va siyosiy ishonch yetishmasligi bilan tavsiflangan mintaqa bugun o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va umumiy manfaatlar asosida rivojlanmoqda.
Bu jarayonda O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati muhim o‘rin tutmoqda. 2017-yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish va muntazam maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalishga aylandi.
2018-yilda ilk bor o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bu borada muhim siyosiy maydon vazifasini bajarmoqda.
Shakllanayotgan hamkorlik modelining asosiy xususiyati mamlakatlarning o‘z suverenitetini saqlagan holda siyosiy muloqot, o‘zaro kelishuv va amaliy manfaatlar asosida hamkorlikni kengaytirishidir. Bu mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlashning o‘ziga xos yo‘lini namoyon etadi.
Nashrda qayd etilishicha, 2025-yil 16-noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi ham mintaqaviy hamkorlikning institutsional jihatdan rivojlanayotganini ko‘rsatdi. Unda Ozarbayjonning mazkur formatga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishi hamkorlik geografiyasi kengayib borayotganining muhim ifodasi bo‘ldi.
Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyot yo‘liga mos mintaqaviy hamkorlik modelini shakllantirmoqda. Uning asosida suverenitetga hurmat, siyosiy ishonch, muntazam muloqot va o‘zaro manfaatli sheriklik tamoyillari mujassam.
O‘zbekistonning bu jarayondagi tashabbuskorligi mintaqada barqarorlikni mustahkamlash va uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, Markaziy Osiyo davlatlari milliy manfaatlarini saqlagan holda umumiy mintaqaviy maqsadlar yo‘lida birlashish mumkinligini amalda namoyon etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi