O‘zbekiston va Qirg‘iziston mehnat migratsiyasi va ijtimoiy himoya sohalarida hamkorlikni kengaytirmoqda

Noyabr 22, 2026. 14:30 • 2 daq

• 6
O‘zbekiston va Qirg‘iziston mehnat migratsiyasi va ijtimoiy himoya sohalarida hamkorlikni kengaytirmoqda

BISHKЕK, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistoni elchisi Saidikram Niyazxodjayev yaqinda tayinlangan Qirg‘iziston mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vaziri Almaz Imangaziyev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy himoya va bandlik yo‘nalishlarida tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.

Vazirda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi “Imkon” reabilitatsiya markazlari faoliyati alohida qiziqish uyg‘otdi. U 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan alohida ehtiyojli bolalarga bepul tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya hamda ta’lim xizmatlari ko‘rsatilayotgan ushbu markazlar ishini ijobiy baholadi. Shuningdek, O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

Almaz Imangaziyev 21–22-oktabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish” butunjahon sammitidan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U taklif uchun minnatdorlik bildirib, anjumanning yuqori saviyada tashkil etilganini qayd etdi. Mazkur safar vazir uchun yangi lavozimdagi ilk xorijiy tashrif bo‘ldi. Sammit doirasida Qirg‘iziston tomoni va Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani va ushbu hujjat mazkur sohadagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Qirg‘iziston rekruting kompaniyalariga 29-noyabr – 4-dekabr kunlari Toshkentda ikki bosqichda o‘tkaziladigan “Yangi O‘zbekiston: global bozorlar chorrahasida” xalqaro biznes-forumida ishtirok etish taklif qilindi. Vazir ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, vazirlik bilan birgalikda hududlarga safarlar hamda mehnat migrantlari va ularning ish beruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish