O‘zbekiston va Qozog‘iston: strategik rivojlanish yo‘nalishlarini uyg‘unlashtirish va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar
Noyabr 07, 2026. 16:30 • 5 daq
• 84TOSHKENT, 7-noyabr./“Dunyo” AA/. Toshkentda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning-2026-yil 28-oktyabr kuni Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan “Yangi tarixiy davrda Qozog‘iston oldida turgan dolzarb muammolar” nomli Murojaatnomasini tahlil qilishga bag‘ishlangan qator ekspert uchrashuvlari va muhokamalar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ularda Murojaatnomada belgilangan asosiy siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlar hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) o‘tkazilgan uchrashuvlarda ekspert-tahliliy doiralar vakillari, olimlar, tadqiqotchilar, siyosatshunoslar, parlament a’zolari va diplomatlar ishtirok etdi.
Tadbirlar Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) rahbariyati va ekspertlari ham qatnashib, Murojaatnomaning asosiy qoidalari hamda ularning ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishdagi ahamiyati yuzasidan o‘z baholarini bildirdi.
Ishtirokchilar Qozog‘istonning siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari, Murojaatnomada belgilangan strategik maqsadlarni amalga oshirish istiqbollari hamda ikki mamlakatning milliy rivojlanish dasturlarini uyg‘unlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Prezident Qasim-Jomart Toqayevning Murojaatnomasi Qozog‘iston taraqqiyotining yangi bosqichidagi strategik ustuvorliklarni belgilab beruvchi muhim siyosiy voqea ekani qayd etildi. Unda keng ko‘lamli institutsional yangilanishlardan iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy modernizatsiyaga doir amaliy vazifalarni izchil bajarishga o‘tish o‘z ifodasini topgan.
Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar har ikki mamlakat zamonaviy, raqobatbardosh va texnologik jihatdan ilg‘or iqtisodiyotni shakllantirish, infratuzilmani keng ko‘lamda yangilash, sanoat va energetikani rivojlantirish, transport-logistika aloqalarini mustahkamlash, raqamlashtirish hamda inson kapitalini yuksaltirish yo‘lidan izchil borayotganini ta’kidladi.
Shu nuqtayi nazardan, ikki davlatning strategik yondashuvlari o‘rtasidagi yaqinlik modernizatsiya dasturlarini uyg‘unlashtirish, investitsiyaviy va texnologik resurslarni birlashtirish hamda yangi mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochayotgani qayd etildi.
Tadbirlarda so‘zga chiqqan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Murojaatnomaning strategik ahamiyati hamda undagi asosiy yo‘nalishlarning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan hamohangligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston oldida ko‘p jihatdan o‘xshash vazifalar turibdi. Bular barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, sanoat va texnologik modernizatsiyani jadallashtirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda iqtisodiyotda unumdorlikni oshirishdan iborat.
Qozog‘iston Prezidenti belgilagan energetika, transport, sanoat kooperatsiyasi, muhim mineral resurslar, sun’iy intellekt va inson kapitali kabi ustuvor yo‘nalishlar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, uzoq muddatli rivojlanish kun tartibini shakllantiradi. Bu esa O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligini chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
“O‘zbekiston uchun alohida tashabbuslarning mazmuni bilan bir qatorda, o‘zgarishlar jarayonining umumiy mantig‘i ham qiziqish uyg‘otadi. Qozog‘istonning strategik ustuvorliklari “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan yo‘nalishlar bilan ko‘p jihatdan mos keladi. Bu milliy dasturlarni parallel ravishda amalga oshirishdan ularni amalda uyg‘unlashtirishga o‘tish uchun qulay sharoit yaratadi”, — dedi Akramjon Ne’matov.
U hamkorlikning bir qator istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, sanoat aloqalarini kengaytirish, qo‘shma transport-logistika va ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish, muhim mineral resurslar, energetika va suv resurslari sohalarida hamkorlik qilish, shuningdek, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va muhandislik ta’limi bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Alohida transport yo‘nalishlarini rivojlantirishdan to‘laqonli iqtisodiy yo‘laklarni shakllantirishga o‘tish zarurligiga urg‘u berildi. Bunday yo‘laklar bo‘ylab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, logistika markazlari, qayta ishlash korxonalari va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini barpo etish mumkin.
Amaliy takliflar qatorida Qozog‘iston va O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan modernizatsiya dasturlarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish ham ilgari surildi. Unda o‘zaro iqtisodiy manfaatlarga xizmat qiladigan ustuvor loyihalarni belgilash taklif etildi.
Ishtirokchilar barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, korxonalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va yangi investitsiyalarni jalb etish maqsadida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi salohiyatidan kengroq foydalanishni taklif qildi.
Shuningdek, suv va energetika xavfsizligiga doir yondashuvlarni muvofiqlashtirish, muhim mineral resurslarni qayta ishlashni mahalliylashtirish hamda texnologiya va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ahamiyati ta’kidlandi.
Ushbu yo‘nalishlar ikki mamlakat rahbarlarining Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va mintaqaviy o‘sishning yangi manbalarini yaratishga qaratilgan umumiy qarashlariga mos kelishi qayd etildi.
Bu borada yuksak siyosiy ishonch, keng qamrovli shartnomaviy-huquqiy baza va oliy darajadagi muntazam muloqotga tayangan O‘zbekiston–Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Ikki davlat hamkorligining izchil rivojlanishi nafaqat ikki tomonlama tashabbuslarni amalga oshirish, balki kengroq mintaqaviy miqyosdagi loyihalarni ilgari surish uchun ham qulay sharoit yaratadi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Qozog‘istonning modernizatsiya dasturlarini uyg‘unlashtirish Markaziy Osiyoning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash va xalqaro raqobatbardoshligini oshirishning muhim omiliga aylanishi mumkin, degan umumiy xulosaga keldi.
Qo‘shma tashabbuslar mintaqaviy bozorni kengaytirish, qo‘shimcha ishlab chiqarish va texnologik salohiyatni shakllantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishdan olinadigan manfaatlar ikki tomonlama munosabatlar doirasi bilan cheklanmaydi. Bu Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, mintaqaning global iqtisodiy va ishlab chiqarish zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Muhokamalar O‘zbekiston va Qozog‘istonning ekspert-tahliliy hamda akademik doiralari mazmunli muloqotni rivojlantirish va strategik ustuvorliklar yuzasidan baholar almashishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi. Shuningdek, ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy takliflarni tayyorlashga intilish namoyon bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

