O‘zbekiston va Polsha iqtisodiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Oktabr 06, 2026. 16:00 • 2 daq

• 49
O‘zbekiston va Polsha iqtisodiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

VARSHAVA, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi vakillari hamda Polsha Iqtisodiy rivojlanish va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi, O‘zbekiston–Polsha hukumatlararo komissiyasi hamraisi Mixal Yaros o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sanoat va investitsiyaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlandi.

Suhbat davomida Polsha vakillari O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va strategik hamkor ekanini alohida e’tirof etdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning bugungi holatini yuqori baholab, polyak yirik biznesi va tadbirkorlarining O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Ishtirokchilar tog‘-kon sanoati, nodir metallar va muhim xomashyoni qazib olish, energetika, ekologiya va suv xo‘jaligi kabi strategik yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari xususida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga, transport-logistika infratuzilmasini yaxshilash, mehnat migratsiyasi hamda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish yo‘lidagi mavjud texnik va ma’muriy jarayonlarni yengillashtirish, ikki davlat korxonalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish maqsadida qator muhim tadbirlar rejalashtirildi. Xususan, joriy yilning noyabr oyida Mixal Yaros boshchiligida Polsha Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH), Savdo-sanoat palatasi va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat nufuzli biznes-missiyaning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha fikr almashildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda PAIH vakolatxonasini ochish, 2027-yilda Varshava shahrida hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda polyak va o‘zbek ishbilarmonlari ishtirokida yirik qo‘shma biznes-forumni o‘tkazish ishlari yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish