Toshkentda “Aquatherm Tashkent – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

Oktabr 06, 2026. 15:30 • 2 daq

• 54
Toshkentda “Aquatherm Tashkent – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “Aquatherm Tashkent – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “Aquatherm Tashkent – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “Aquatherm Tashkent – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

TOSHKЕNT, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkentda isitish, shamollatish, havoni tozalash, suv ta’minoti, santexnika, ekologiya va qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishidagi zamonaviy texnologiyalarga bag‘ishlangan “Aquatherm Tashkent – 2026” 14-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko‘rgazma 6–8-oktabr kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tadi. Unda 11 davlat – Belarus, Germaniya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Polsha, Rossiya, Turkiya va O‘zbekistondan 200 dan ziyod kompaniya hamda brendlar ishtirok etmoqda.

Ekspozitsiya qurilish va kommunal infratuzilma uchun mo‘ljallangan keng turdagi uskuna va texnologiyalarni qamrab olgan. Xususan, isitish jihozlari, quvurlar, fitinglar, quvur o‘tkazgich armaturalar, suv ta’minoti va oqizish (kanalizatsiya) tizimlari, ventilyatsiya va iqlim nazorati uskunalari, nazorat-o‘lchov asboblari, avtomatlashtirish tizimlari va santexnika mahsulotlari namoyish qilinmoqda.

Issiqlik nasoslari, “aqlli” isitish tizimlari, nasos uskunalari, suv tozalash jihozlari hamda oqova tizimlari kabi zamonaviy energiya tejamkor texnikalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Ko‘rgazma doirasida milliy va jamoaviy ekspozitsiyalar faoliyat yuritmoqda. Jumladan, “China Pavilion”da turar-joy, sanoat va tijorat obyektlari uchun Xitoyning zamonaviy uskunalari taqdim etilmoqda.

Shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya, shamollatish va havoni tozalash, isitish, issiqlik izolyatsiyasi hamda santexnika uskunalarini o‘z ichiga olgan Moskva kompaniyalarining jamoaviy ekspozitsiyasi ham tashkil etilgan.

Tadbirlar doirasida ishbilarmonlar uchun mahorat darslari, professional uskunalarni amalda sinab ko‘rish hamda soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Montajchilar uchun “TEXNAR PRO UZBEKISTAN” kasbiy mahorat tanlovi tashkil etildi.

Mazkur ko‘rgazma yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, uskunalar yetkazib beruvchilarni topish hamda muhandislik tizimlari va kommunal infratuzilmani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish