O‘zbekiston va Yaponiya yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi

Noyabr 02, 2026. 10:30 • 2 daq

• 136
O‘zbekiston va Yaponiya yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi

TOKIO, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) Energetika loyihalarini moliyalashtirish departamenti bosh direktori Yoxi Xigashida bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, dolzarb masalalar hamda hamkorlikning yangi imkoniyatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. JBIC delegatsiyasining yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga Yaponiya investitsiyalarini jalb qilish, istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish va moliyaviy sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Xususan, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasida davlat sherigi ulushini moliyalashtirishda JBIC ishtirokini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Shuningdek, Yaponiyaning MUFG, SMBC va Mizuho kabi yetakchi banklarining O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.

Yapon sanoat kompaniyalarini O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan maxsus iqtisodiy zonaga jalb qilishda JBIC ko‘magidan foydalanish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bank uchun ustuvor bo‘lgan tarmoqlar va loyiha turlarini aniqlash, moliyalashtirish talablariga javob beradigan aniq loyihalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Uchrashuvda “Yangi Toshkent” loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Diplomatlar elektr energiyasi ta’minoti, markazlashgan issiqlik tizimi, ichimlik va oqova suv infratuzilmasi, shahar transporti hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish borasida qo‘shma hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalarini ham muhokama qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish