O‘zbekiston elchixonasida “Art-karavan: madaniyatlar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Noyabr 02, 2026. 09:30 • 2 daq

• 166
O‘zbekiston elchixonasida “Art-karavan: madaniyatlar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston elchixonasida “Art-karavan: madaniyatlar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston elchixonasida “Art-karavan: madaniyatlar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston elchixonasida “Art-karavan: madaniyatlar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

MOSKVA, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida o‘zbekistonlik va rossiyalik rassomlarning ijod namunalariga bag‘ishlangan “Art-Karavan: madaniyatlar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur loyiha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy aloqalar, Turkiston rassomlik maktabi an’analari hamda zamonaviy san’atning o‘zaro uyg‘unligini namoyon etishga qaratilgan.

Ko‘rgazmada ikki mamlakat rassomlarining turli janr va yo‘nalishlardagi asarlari namoyish etildi. Ularda rus plener maktabi an’analari Sharqning boy bezak san’ati bilan, Yevropa modernizmi esa Sharq miniatyurasi merosi bilan uyg‘unlashgan holda aks etgan.

Loyiha konsepsiyasida karvon timsoli mujassam bo‘lib, u zamon va makonlar, turli madaniyatlar hamda badiiy qarashlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalaydi. Ayniqsa, O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, betakror me’morchiligi, ranglari va tabiati rassomlar uchun muhim ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Loyiha rahbari va tashkilotchisi, O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan rassom Irina Kovalenkoning ta’kidlashicha, “Art-Karavan” tashabbusi 2022-yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan ilk ijodiy plenerlardan boshlangan.

Shundan buyon har yili bahor va kuz fasllarida rossiyalik rassomlar ishtirokida mamlakatimizning turli hududlarida plenerlar o‘tkazib kelinmoqda. Ularning natijalari asosida O‘zbekiston va Rossiyada muntazam ravishda ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.

Jumladan, 2026-yil sentyabr oyida Moskvadagi “Vixino” galereyasida loyiha doirasida ko‘rgazma o‘tkazilib, unda O‘zbekistonning turli hududlarida yaratilgan yuzdan ortiq asar namoyish etildi. 21–25-oktyabr kunlari Zurab Sereteli nomidagi San’at galereyasida Xivadagi plenerlar davomida yaratilgan ijod namunalarini ham qamrab olgan ko‘rgazma tashkil etildi.

“Art-Karavan” faqat ko‘rgazmalar bilan cheklanib qolmay, davra suhbatlari, ilmiy konferensiyalar va ijodiy plenerlarni ham qamrab oladi. Bu ikki mamlakat rassomlari, san’atshunoslari va madaniyat namoyandalari o‘rtasidagi tajriba almashinuvini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Loyiha tashkilotchilari fikricha, san’at insonlarni birlashtiradigan, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stlikni mustahkamlaydigan muhim vositadir.

“Art-Karavan: madaniyatlar muloqoti” tashabbusi ham O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini san’at orqali yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish