Avstriyalik tomoshabinlar O‘zbekistonning madaniy merosi bilan tanishtirildi

Noyabr 02, 2026. 11:00 • 2 daq

• 127
Avstriyalik tomoshabinlar O‘zbekistonning madaniy merosi bilan tanishtirildi

SHTAYЕRMARK, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Avstriyaning Shtiriya yerida O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘ylab sayohatga bag‘ishlangan fotovizual ma’ruza bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Shtayermark shahridagi Rayn abbatligida tashkil etildi. Avstriyalik sayohatchi Diter Radner yig‘ilganlarga Markaziy Osiyoning tabiiy, tarixiy-madaniy boyligi va rang-barangligini tanishtirdi.

Mazkur tadbir haqida Avstriyaning “MeinBezirk.at” va “Gratwein-strassengel.gv.at” mintaqaviy nashrlarida “Qozog‘istondan O‘zbekistonga” sarlavhali materiallar e’lon qilindi.

Maqolalarda Markaziy Osiyoning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, madaniy hamda ilmiy aloqalarni rivojlantirishdagi tarixiy roli alohida ta’kidlangan. Qayd etilganidek, asrlar davomida mintaqa shaharlari Buyuk ipak yo‘lining muhim manzillari bo‘lib xizmat qilgan.

Sayohatchi o‘z yo‘nalishi davomida Qozog‘istonning Olmaota va Turkiston shaharlarida bo‘lib, so‘ng safarini O‘zbekistonda davom ettirgan. Dasturga Toshkent, Buxoro va Samarqand kiritilgan bo‘lib, ular boy tarixiy-arxitektura merosi bilan mehmonlarda katta taassurot qoldirgan. Diter Radner Toshkent zamonaviy infratuzilma va tarixiy obidalarni o‘zida mujassam etganini, Buxoro va Samarqand esa ilm-fan, hunarmandchilik hamda xalqaro savdo taraqqiyotini aks ettiruvchi noyob yodgorliklarga boyligini qayd etgan.

Mazkur tadbir va nashrlar yevropalik tomoshabinlarning O‘zbekistonning tarixiy merosiga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish