O‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada AKT va sun’iy intellekt bo‘yicha tajriba orttirdi
Oktabr 25, 2026. 11:00 • 3 daq
• 144
TOKIO, 25-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyada AKT sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish va sun’iy intellektdan samarali foydalanishni o‘rganishga qaratilgan “BHN Human Development Program” dasturi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur dastur 1–17-oktyabr kunlari “Sun’iy intellekt davrida ijtimoiy taraqqiyot uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Indoneziya, Vetnam, Filippin, Bangladesh, Shri-Lanka, Kambodja, Myanma va Laosdan kelgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida to‘qqiz nafar ishtirokchi dastur davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda erishgan natijalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Shu bilan birga, “BHN” uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasidagi uzoq yillik hamkorlik uchun minnatdorlik bildirildi. Tomonlar raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik istiqbollari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xideo Inou, “BHN Association” prezidenti:
– O‘zbekiston yoshlarining bilim olishga bo‘lgan intilishi e’tirofga loyiq. Dasturimiz orqali o‘zbekistonlik mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirib, innovatsion rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu bilan birga, bunday malaka oshirish dasturlari ikki davlat o‘rtasidagi texnologik sheriklikni kengaytiradi.
Markaziy Osiyo markazida joylashgan hamda yuqori demografik salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekistonda yanada jadal iqtisodiy o‘sish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Raqamli infratuzilmani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli O‘zbekiston AKT va sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro hamkorlikning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Yasuxiko Yoshida, Xorijiy davlatlar bilan texnik hamkorlik va barqaror sheriklik uyushmasi (AOTS) prezidenti:
– Zamonaviy texnologiyalar va texnik yechimlarni o‘rganishda mazkur dasturning ahamiyati katta. Biz BHN bilan hamkorlikni davom ettirish va O‘zbekiston bilan aloqalarni kengaytirishga tayyormiz.
Tashkilotimiz 1998-yildan buyon BHN va NTT kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunga qadar 21 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Yaponiyada amaliyot o‘tagan bo‘lib, ularga zamonaviy kompyuter uskunalari ham taqdim etilgan.
Rumila Dautova, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi Xalqaro hamkorlik departamenti bosh mutaxassisi:
– O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi BHN dasturi bilan 20-yildan ortiq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Har yili vazirlikning bir yoki ikki nafar xodimi ushbu dastur doirasida tahsil oladi.
Bir yillik dastur ikki semestrdan iborat. Birinchi semestr Malayziya bilan hamkorlikda onlayn shaklda o‘tkaziladi. Bu davrda biz sun’iy intellektning ishlash tamoyillari, O‘zbekistonda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarni o‘rganamiz.
Ikkinchi semestr Yaponiyada an’anaviy (offlayn) shaklda bo‘lib o‘tadi. Biz yapon professorlarining ma’ruzalaridan tashqari, Yaponiyada allaqachon joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazlariga uyushtirilgan safarlar biz uchun juda foydali bo‘ldi. Ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdik hamda yaqin yillarda bozorga chiqishi va O‘zbekistonda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan innovatsion mahsulotlar va texnologiyalar haqida tasavvurga ega bo‘ldik.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi