O‘zbekiston Isroilning qurg‘oqchil hududlar uchun innovatsion yechimlarini o‘rganmoqda
Iyul 29, 2026. 15:30 • 2 daq
• 75
TEL-AVIV, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘istonning ekologiya sohasi mutaxassislari hamda Isroilning qurg‘oqchil hududlar uchun innovatsion yechimlarni rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga ixtisoslashgan “DeserTech and Climate Innovation Center” markazi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Leyla Seitova, Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Berdiyar Jollibekov, «DeserTech and Climate Innovation Center» markazi direktori Sivan Shaxari hamda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar ekologiya, tabiatdan oqilona foydalanish, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda mutaxassislar tayyorlash sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
“DeserTech and Climate Innovation Center” rahbariyati markaz faoliyati, amalga oshirilayotgan tashabbuslar hamda Isroilning iqlim o‘zgarishi oqibatlari, suv resurslari tanqisligi va cho‘llanish jarayonlariga duch kelayotgan hududlar uchun texnologik yechimlar ishlab chiqish borasidagi tajribasi haqida maʼlumot berdi.
O‘z navbatida, qoraqalpog‘istonlik mutaxassislar mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, ilmiy salohiyatni rivojlantirish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan tizimli ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidlab, hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolashga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi