“El Mundo Financiero”: Xavfsizlik reytingida O‘zbekiston dunyoning eng bexatar davlatlari qatoridan o‘rin oldi

Iyul 29, 2026. 14:00 • 2 daq

42
“El Mundo Financiero”: Xavfsizlik reytingida O‘zbekiston dunyoning eng bexatar davlatlari qatoridan o‘rin oldi

MADRID, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashrida O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, “Global Terrorism Index 2026” reytingida O‘zbekiston yana dunyodagi eng xavfsiz davlatlar qatoriga kirgan. Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan tayyorlangan mazkur reyting 163 mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, 2026-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 0,014 ball bilan eng xavfsiz davlatlar guruhidan joy olgan.

Nashr bu natijani mamlakatda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquq-tartibot tizimini takomillashtirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasi sifatida baholagan.

Materialda xorijlik sayyohlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohat davomida o‘zini xavfsiz his qilishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, metro, turistik obyektlar, markaziy ko‘chalar va boshqa jamoat joylarida xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha yaratilgan tizim mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qilayotgani taʼkidlangan.

Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi Buyuk Ipak yo‘li shaharlari, shuningdek, zamonaviy Toshkentning boy tarixiy-madaniy merosi hamda mehmondo‘stlik anʼanalari xorijlik sayyohlarni tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotgani alohida eʼtirof etilgan.

“Global Terrorism Index 2026” natijalari O‘zbekistonning turizm, biznes va xalqaro almashinuvlar uchun ishonchli, barqaror hamda xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi”, deya xulosa qilgan “El Mundo Financiero”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish