Pragada “Made in Uzbekistan” milliy shourumi ish boshladi
Iyul 29, 2026. 09:30 • 2 daq
• 159PRAGA, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov boshchiligidagi delegatsiyaning Chexiyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Chexiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tashrif davomida ushbu davlatning qator idoralarida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, delegatsiya aʼzolari Chexiya standartlashtirish, metrologiya va sinovlar boshqarmasi (UNMZ), Metrologiya instituti (SMI) hamda Qurilish texnik va sinov instituti (TZÚS) vakillari bilan fikr-mulohaza almashdi.
Muzokaralar davomida infratuzilmani rivojlantirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqining bozor nazorati tajribasini joriy etish masalalarini muhokama qildi. Mutaxassislar metrologiya va standartlashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini hayotga tatbiq etish hamda ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish xususida so‘z yuritdi.
Tashrif davomida Chexiyada malaka oshirishni tashkil etish hamda Chexiya Metrologiya instituti bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator sheriklik hujjatlari imzolandi.
Praga shahridagi “Anděl Park” biznes majmuasida ish boshlagan “Made in Uzbekistan” milliy shourumi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur shourum O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozorida keng targ‘ib etish, eksport salohiyatini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Chexiya va boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ekspozitsiyada O‘zbekistonning 17 ta yetakchi korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 48 turdagi eksportbop mahsulot namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




