“EuReflect”: 2026-yil sentabr oyida Toshkentda Belgiya doimiy elchixonasining ochilishi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir
Oktabr 03, 2026. 11:02 • 2 daq
• 75
BRYUSSYEL, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning “EuReflect” axborot nashrida O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul marosimi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, tadbirda elchilar, Yevrokomissiya vakillari, Belgiya, Yevropa Ittifoqi va NATO huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, shuningdek, Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) va “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari ishtirok etdi.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fazilov o‘z nutqida mustaqillikning tarixiy ahamiyatiga to‘xtalib, so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xususan, yillik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 40–50 milliard dollarga yetgani hamda Yevropa Ittifoqi bilan strategik sheriklik izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.
Qabulda qatnashgan Belgiya Federal davlat tashqi ishlar xizmati bayonnoma boshlig‘i Per Kartyuvels o‘zbekistonlik hamkasblarini qutlar ekan, mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yuqori baholadi. Belgiyalik diplomat O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, 2026-yil sentabr oyida Toshkentda Belgiyaning doimiy elchixonasi ochilgani ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam ekanini qayd etdi.
Yakunda “Vatandoshlar” fondining konsert dasturi bilan yakunlangan ushbu bayram kechasi O‘zbekiston, Belgiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekani hamda do‘stona aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyish etgani qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi