Nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston vakillari ilk bor qatnashdi
Yanvar 14, 2026. 14:21 • 55 soniya
• 86QOHIRA, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. Misr poytaxtidagi “Al Galaa” majmuasida “Pakistan International School Cairo” (PISC) tomonidan tashkil etilgan 44-anʼanaviy xalqaro tadbirda O‘zbekiston vakillari ilk bor ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qohirada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar hamda Misrning rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirgan mazkur tadbir doirasida mamlakatimizning turistik salohiyati, boy madaniy-tarixiy merosi va “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasiga oid maʼlumotlar namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan maxsus videoroliklar taqdimoti namoyish qilindi. Unda “Buyuk Ipak yo‘li”ning asosiy manzillari, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari, mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan turizmning zamonaviy yo‘nalishlari – gastronomik, ziyorat va madaniy turizm haqida maʼlumot berildi. Tashrif buyuruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatilib, axborot-targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Madaniy dastur doirasida o‘zbek milliy raqsi namoyish qilindi. Ushbu chiqish xalqaro auditoriyaga O‘zbekiston anʼanalarining estetik jozibasi va o‘ziga xosligini yaqqol namoyon etib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
PISC mudiri Sayyid Buxoriy O‘zbekiston vakillarining ushbu tadbirdagi ishtirokini yuqori baholadi. Xalqimiz madaniyati, yurtimizning turizm salohiyati Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




