O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish imkoniyatlari kengaymoqda

Avgust 23, 2026. 12:00 • 2 daq

2
O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish imkoniyatlari kengaymoqda

RIGA, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi tashabbusi bilan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, “UZTEX” MCHJ hamda Latviyaning “Lauma Fabrics” kompaniyasi rahbariyati ishtirokida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish, ishlab chiqarishni autsorsing asosida tashkil etish, savdo va logistika imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Lauma Fabrics” direktori Ediys Eglinsh o‘zbek korxonalari bilan autsorsing asosida ishlashga qiziqish bildirib, mahalliy mahsulotlarni “Lauma” brendining Yevropadagi qariyb 500 ta savdo nuqtasidan iborat tarmog‘i orqali sotishni taklif qildi.

Shuningdek, kompaniya yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash, ularni keyinchalik Boltiqbo‘yi mamlakatlariga yetkazib berish uchun o‘z ombor infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida oktyabr oyida O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va to‘qimachilik korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning Latviyaga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Lauma” kompaniyasi Latviyaning to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi yirik korxonalaridan biri bo‘lib, ayollar ichki kiyimlari, to‘qimachilik matolari, elastik materiallar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya Yevropa bozorida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston korxonalari bilan buyurtmalarni joylashtirish va autsorsing asosida hamkorlik qilish uchun salohiyatga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish