Britanlik yirik investor O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor

Noyabr 08, 2026. 12:00 • 2 daq

• 158
Britanlik yirik investor O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor

LONDON, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov “British American Tobacco” (BAT) kompaniyasining bosh korporativ direktori Kingsli Uiton bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida kompaniya vakili O‘zbekiston bilan hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1994-yildan buyon kompaniyaning mamlakat iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari miqdori 530 million dollardan oshgan.

Qayd etilganidek, 2021-yildan beri “BAT Uzbekistan” mintaqaviy eksport xabi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2025-yilda korxonaning xomashyo va tayyor mahsulotlar eksporti hajmi 95 million dollarga yetdi.

Kompaniya vakili O‘zbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv ishtirokchilari nikotin mahsulotlarining voyaga yetmaganlar tomonidan iste’mol qilinishining oldini olish, mas’uliyatli yondashuvlarni targ‘ib qilish va bu borada innovatsion yechimlarni ko‘rib chiqish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar.

1902-yilda asos solingan va bosh qarorgohi Londonda joylashgan “British American Tobacco” dunyodagi eng yirik xalqaro tamaki kompaniyalaridan biridir. Kompaniya 170 dan ortiq mamlakatda o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lib, 48 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlaydi. Uning 2025-yildagi tushumi 34 milliard dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston bozorida 1994-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “BAT Uzbekistan” ming nafardan ortiq xodimga ega bo‘lib, mamlakatning eng yirik soliq to‘lovchilaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda kompaniya davlat budjetiga 3,2 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazgan va to‘liq xususiylashtirilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish va yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni birgalikda o‘rganishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish