O‘zbekiston va Belarus sanoat, energetika va kommunal infratuzilma sohalarida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Noyabr 07, 2026. 17:30 • 2 daq
• 156
GOMEL, 7-noyabr./“Dunyo” AA/. Belarus Savdo-sanoat palatasining Gomel bo‘limida mahalliy yirik tadbirkorlar ishtirok etgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda belaruslik ishbilarmon doiralar vakillariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan savdo-iqtisodiy islohotlar tanishtirildi. Xususan, “Yangi Toshkent” megaloyihasining ulkan investitsiyaviy salohiyati va keng biznes imkoniyatlari taqdim etildi.
Shu bilan birga, Belarus tadbirkorlari joriy yilning 30-noyabridan 5-dekabriga qadar Toshkent shahrida o‘tkaziladigan xalqaro biznes-forum haqida xabardor qilindi.
Mazkur nufuzli tadbir Belarus biznesmenlari uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan keladigan salohiyatli sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati, energetika, shuningdek, kommunal infratuzilma sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning sanoat zonalari va “Gomel-Raton” erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish, texnik kasblar bo‘yicha o‘rta ta’lim sohasida yangi o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi