Germaniyada xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi

Sentabr 28, 2026. 16:30 • 2 daq

• 22
Germaniyada xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi
Germaniyada xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi
Germaniyada xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi
Germaniyada xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi
Germaniyada xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi
Germaniyada xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi

BЕRLIN, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Berlinda o‘tkazilgan “InnoTrans-2026” xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida O‘zbekiston ilk bor mustaqil eksponent sifatida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko‘rgazmada “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Mikroelektronika Plyus” kompaniyalari o‘zining alohida stendlarini taqdim etdi. Ishtirok etishdan asosiy maqsad O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yuk vagonlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish, logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va yirik temir yo‘l texnikasi ishlab chiqaruvchilari bilan aloqalar o‘rnatishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston vakillari Yevropa komissiyasi va “Europe's Rail Joint Undertaking” dasturi ishtirokida tashkil etilgan “Global Gateway” xalqaro muhokamasida ham qatnashdi. Unda transport yo‘laklarini rivojlantirish, temir yo‘l tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini oshirish, xalqaro standartlar va infratuzilma loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy temir yo‘l kompaniyalari va tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Xususan, Turkiyaning “TCDD Taşımacılık” kompaniyasi bilan Turkiya–Ozarbayjon–Gruziya–O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashish hajmini kengaytirish, Polsha “PKP” kompaniyasi vakillari bilan kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Raxmetovning so‘zlariga ko‘ra, “InnoTrans-2026” ko‘rgazmasida ishtirok etish milliy temir yo‘l tarmog‘i uchun muhim voqea bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya xalqaro bozordagi ishtirokini kengaytirishga hamda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston va Transkaspiy yo‘nalishi kabi transport yo‘laklari doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda.

Ko‘rgazmada “Mikroelektronika Plyus” kompaniyasi temir yo‘l transporti uchun elektron uskunalar, avtomatlashtirish, boshqaruv va signalizatsiya, dasturiy ta’minot hamda mavjud tizimlarni modernizatsiya qilish sohasidagi ishlanmalarini namoyish etib, alohida ekspozitsiyani taqdim etdi.

O‘zbekistonning “InnoTrans-2026” ko‘rgazmasidagi ishtiroki xorijiy hamkorlarga milliy temir yo‘l sanoati imkoniyatlarini namoyish etish hamda yuk tashish hajmini oshirish, harakat tarkibini modernizatsiya qilish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.

Shuningdek, Germaniyaning “HauptstadtEcho” nashri O‘zbekistonning ko‘rgazmadagi ishtirokini alohida e’tirof etib, mamlakatning ishlab chiqarish, texnologik va muhandislik salohiyatini ta’kidlab o‘tdi.

Maqolada Toshkent–Xiva–Toshkent yo‘nalishida qatnovchi “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdiga alohida e’tibor qaratilib, u xorijiy mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otgani qayd etilgan.

Nashrning yozishicha, ushbu loyiha poytaxt va Xiva o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilash va turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi. “InnoTrans-2026” ko‘rgazmasiga 175 mingga yaqin mutaxassis tashrif buyurgani va 2027-yil sentabr oyida Singapurda ilk bor “InnoTrans Asia” ko‘rgazmasi o‘tkazilishi ma’lum qilingan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish