O‘zbekiston va Polsha to‘qimachilik sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Sentabr 28, 2026. 15:00 • 2 daq
• 94VARSHAVA, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari Lodz voyevodaligiga tashrif buyurib, Rzguv shahri va “Ptak Fashion City” savdo markazi rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida Lodz voyevodaligi va O‘zbekistonning to‘qimachilik hududlari, xususan, Farg‘ona viloyati o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek mahsulotlarining Yevropa bozoriga eksportini oshirishga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlarda Lodzning Yevropa yengil sanoati markazlaridan biri sifatidagi tarixiy ahamiyati qayd etildi. Yevropada ishchi kuchi va energiya resurslari narxining oshishi fonida tomonlar hududning Yevropa bozoridagi mavqeini mustahkamlash uchun O‘zbekistondan raqobatbardosh va sifatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Bunday yetkazib berishni tizimli asosda rivojlantirish taklifi Polsha tomonida alohida qiziqish uyg‘otdi.
Namangan viloyatidagi “Saodat Sanoat Servis” MCHJ korxonasining polyak kompaniyalari bilan Polsha brendi ostida ayollar kiyimlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgani uchrashuvlarning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.
Tomonlar Polsha bozorida faoliyat yuritayotgan “Imir”, “Aisha Home”, “Bombacio” va “Empire Textile” o‘zbek brendlari tajribasini qayd etib, ular bilan hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Farg‘ona viloyati tadbirkorlarining 21–24-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Warsaw Home Textile 2026” va 17–19-noyabr kunlari o‘tkaziladigan “Fast Textile 2026” xalqaro ko‘rgazmalarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ushbu tadbirlar doirasida ikki mamlakat to‘qimachilik sanoati vakillari ishtirokida yirik qo‘shma biznes-forum o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.
11–15-oktabr kunlari “Ptak Fashion City” rahbariyati boshchiligidagi Polsha yengil sanoati vakillaridan iborat yirik delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Polsha delegatsiyasi “Heimtextil Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, mahalliy korxonalar bilan yangi investitsiya va eksport loyihalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



