Singapurdagi xalqaro ko‘rgazmada ilk bor O‘zbekiston zargarlik mahsulotlari namoyish qilindi
Iyul 15, 2026. 12:00 • 2 daq
• 110SINGAPUR, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston ilk bor Singapur xalqaro zargarlik ko‘rgazmasida ishtirok etib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan iborat milliy pavilyonni namoyish qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
9–12-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi hamda qator mahalliy zargarlik korxonalari vakillari “Made in Uzbekistan” brendi ostida keng turdagi mahsulotlarni taqdim qildi.
O‘zbekiston milliy pavilyoni ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xorijlik hamkorlar O‘zbekistonda tayyorlangan zargarlik buyumlarining sifati, dizayni, o‘ziga xosligi va raqobatbardoshligini yuqori baholadi.
Ko‘rgazma doirasida zargarlik buyumlarining chakana savdosiga ixtisoslashgan Singapurning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida alohida uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Muzokaralarda O‘zbekiston mahsulotlarini Singapur bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish, mahalliy savdo tarmoqlari orqali sotuvni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishish, muzokaralar o‘tkazish va zargarlik buyumlariga buyurtmalar berish masalalarini ishlab chiqish maqsadida manfaatdor kompaniyalar vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.
O‘zbekiston delegatsiyasining ko‘rgazmadagi ishtiroki “Made in Uzbekistan” milliy brendini ilgari surish hamda mahalliy zargarlik mahsulotlarining Singapur va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga chiqishi uchun sharoit yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






