Islomoboddagi muzey majmuasining o‘zbek bo‘limi "Hunarmand" uyushmasi a’zolarining mahsulotlari bilan boyitiladi
Noyabr 24, 2026. 11:00 • 2 daq
• 11
ISLOMOBOD, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz vakillarini O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev qabul qildi. Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, buyuk ajdodlarimizning Pokiston muzeylarida saqlanayotgan merosini tadqiq etish, milliy hunarmandchilik maktablari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ustalar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Elchi Pokistonda O‘zbekiston tarixi va buyuk ajdodlarimiz bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy ashyolar, obidalar, hunarmandchilik namunalari va asarlar mavjudligini ta’kidladi. Ularni o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazishda O‘zbekiston olimlari hamda “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
Muloqot chog‘ida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar bildirildi. Xususan, Rasuljon Mirzaahmedov hozirgi vaqtda uyushma tomonidan 2027-yil uchun faoliyat rejasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. U O‘zbekiston madaniyati va amaliy san’atini Pokistonda keng targ‘ib qilish borasida elchixona bilan yaqin hamkorlik qilish, birgalikda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv davomida Islomobod shahridagi “Lok Virsa” muzey-majmuasida tashkil etilgan O‘zbekiston bo‘limini yangilash va uni o‘zbek milliy hunarmandchilik buyumlari bilan boyitish, 2027-yilda Pokistonda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, elchixonada tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasida namoyish etish uchun amaliy san’at buyumlarini yetkazib berish to‘g‘risida kelishib olindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Pokistonning arxeologik merosi, tarixiy va zamonaviy me’morchilik namunalarini o‘rganish maqsadida Islomobod shahridagi Pokiston monumenti va Faysal masjidida ham bo‘ldi. Shuningdek, “Lok Virsa” muzey-majmuasi faoliyati, unda saqlanayotgan hunarmandchilik namunalari bilan tanishdi hamda muassasa rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari uchun Peshovardagi Seti saroyi, Xayber-Paxtunxva arxeologiya muzeyi, Lahordagi Boburiylar sulolasi tomonidan barpo etilgan tarixiy inshootlarga ekskursiya tashkil etish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi