O‘zbekiston – Iordaniya: an’anaviy do‘stlik do‘stlikdan o‘zaro ishonchga asoslangan strategik sheriklik sari
Noyabr 24, 2026. 08:10 • 6 daq
• 9
TOSHKENT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki kunlik davlat tashrifi bilan Iordaniyaga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasidagi munosabatlar qadimdan o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak tarixiy-ma’naviy qadriyatlarga asoslangan.
Iordaniya Podshohi Abdulloh II ibn al-Husayn ushbu davlatni 1921-yildan beri boshqarib kelayotgan Hoshimiylar sulolasining vakili bo‘lib, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning 41-avlodi hisoblanadi.
Iordaniya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 28-dekabr kuni tan olgan, 1993-yil 15-fevral kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslari shakllantirildi. Xususan, 1996-yilda savdo-iqtisodiy hamkorlik va havo qatnovi to‘g‘risida, 2002-yilda esa madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan.
So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston – Iordaniya munosabatlari yangi mazmun va amaliy yo‘nalishlar bilan boyidi. 2023-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari o‘zaro tabrik maktublari almashdi. Bu o‘zaro aloqalarning barqaror rivojlanib borayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
2025-yil O‘zbekiston – Iordaniya munosabatlari tarixida muhim burilish davri bo‘ldi. 25–26-avgust kunlari Iordaniya Podshohi Abdulloh II ibn al-Husayn O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.
Samarqand shahrida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, 15 ta muhim hujjat imzolandi.
Xususan, ekstraditsiya, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, qo‘shma komissiya tuzish, viza talablarini bekor qilish, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida sheriklik, turizm yo‘nalishida hamkorlik kabi masalalarga oid bitimlar tasdiqlandi.
Iordaniya Podshohining davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaning “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirlandi.
Davlat yetakchilarining yuqori darajadagi uchrashuvlari hamda salmoqli hujjatlarning imzolanishi ham O‘zbekiston, ham Iordaniya uchun manfaatli bo‘ldi. Qo‘shma bayonotlarda belgilangan vazifalar doirasida turli iqtisodiy-siyosiy uchrashuvlar tashkil etilib, birgalikda maqsadli loyihalar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda iqtisodiy hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.-2025-yil 17–21-sentyabr kunlari Amman shahrida O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish va yangi biznes-loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu yilning 29–30-sentyabr kunlari Iordaniyaning “Dar Al-Dawa Development & Investment” farmatsevtika kompaniyasi delegatsiyasi O‘zbekistonga kelib, mamlakatimizda dori-darmon ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Savdo ko‘rsatkichlari ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yanada faollashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 8,5 million dollarni tashkil etgan. Shundan eksport 5,4 million, import esa 3,1 million dollarga teng bo‘lgan. O‘zbekiston eksportining asosiy qismini oziq-ovqat mahsulotlari, importning katta ulushini esa kimyoviy mahsulotlar tashkil etgan.
Mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, kelgusida farmatsevtika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida baholanmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot ham izchil davom etmoqda. 2026-yil 4-fevral kuni Iordaniya Senati raisi Faysal Aqif Misqal al-Fayoz boshchiligidagi, 6-iyul kuni esa ushbu davlat Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Husayn Safadiy rahbarligidagi delegatsiyalar yurtimizga tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbari tonidan qabul qilindi. Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlarning muhim tarkibiy qismi madaniy-gumanitar hamkorlikdir. Ikki mamlakat xalqlarini mushtarak islomiy qadriyatlar, boy tarixiy meros va buyuk allomalarning hayoti hamda ilmiy faoliyati bog‘lab turadi.
1996 va 2000-yillarda Iordaniya Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasida joylashgan Qusam ibn Abbos maqbarasini ta’mirlash uchun moliyaviy yordam ko‘rsatgan. Bu ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy yaqinlikning amaliy ifodasidir.
Mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy va diniy-ma’rifiy hamkorlik ham yanada faollashmoqda.-2025-yil sentyabr oyida O‘zbekiston diniy idoralari vakillaridan iborat delegatsiya Iordaniyaga tashrif buyurib, Fatvo markazi, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vazirligi hamda Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
2025-yil oktyabr oyida Iordaniya Podshohining diniy va madaniy masalalar bo‘yicha bosh maslahatchisi, shahzoda G‘ozi ibn Muhammad O‘zbekistonga din, tarix va ta’limga oid bir milliondan ortiq kitob, ilmiy ishlar va o‘quv qo‘llanmalarini o‘z ichiga olgan raqamli kutubxona hamda islom xattotligiga oid shaxsiy kolleksiyasini beg‘araz sovg‘a qildi. Bu madaniy va ilmiy aloqalar rivojiga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi.
2025-yil noyabr oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Iordaniyaga safari doirasida ikki mamlakat o‘rtasida Qo‘shma ilmiy qo‘mita tashkil etildi. Bu diniy-ma’rifiy va ilmiy sohalardagi hamkorlikni tizimli rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Ta’lim sohasida ham yangi imkoniyatlar ochilmoqda. 2025-yil avgust oyida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. 2025-yil oktyabr oyida Iordaniya delegatsiyasi YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o‘tkazilgan 43-sessiyasida ishtirok etdi.
Turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida 2025-yil-noyabr oyida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. 2026-yil 30-iyundan boshlab “Royal Jordanian Airlines” aviakompaniyasi tomonidan Amman va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik, ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.
Parlamentlararo aloqalar ham ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. 2025-yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida Iordaniya parlamenti delegatsiyasi ishtirok etdi. 2026-yil yanvar oyida Oliy Majlis Senatida Iordaniya parlamenti Yuqori palatasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil qilindi.
O‘zbekiston va Iordaniya munosabatlarida tarixiy-madaniy yaqinlik alohida o‘rin tutadi. Iordaniyada Samarqand ko‘chasi, Imom al-Buxoriy ko‘chasi, Imom at-Termiziy nomidagi masjid, Al-Buxoriya bozori hamda Ibn Sino tibbiyot fanlari universitetining mavjudligi o‘zbek xalqining boy tarixiy va ilmiy merosiga bo‘lgan hurmatni namoyon etadi.
Amman shahridagi Al-Buxoriya bozori Buxorodan kelgan savdogarlar tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, ikki xalq o‘rtasida asrlar davomida shakllangan savdo va madaniy aloqalarning ramziy ifodasi hisoblanadi.
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar an’anaviy do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga tayangan holda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlar, faollashgan siyosiy muloqot, yangi shartnomaviy mexanizmlar, parlamentlararo aloqalar va madaniy-gumanitar tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikning ko‘p qirrali tus olayotganini ko‘rsatadi.
Kelgusida savdo aylanmasini oshirish, investitsiyaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish ikki tomonlama munosabatlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qoladi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlik nafaqat ikki davlat va xalq manfaatlariga, balki Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi