Abu-Dabida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

Oktabr 03, 2026. 16:00 • 2 daq

• 58
Abu-Dabida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

ABU-DABI, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. BAA poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tantanali marosimda qariyb 600 nafar mehmon ishtirok etdi. Ular orasida BAA Yoshlar ishlari vaziri Sulton Saif Al Neyadi, vazirlik va idoralar rahbarlari, yetakchi amirlik kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Bayram tadbiri mehmonlarga yangi O‘zbekistonni yaqindan kashf etish imkonini bergan o‘ziga xos taqdimot maydoniga aylandi. Unda mamlakatimizning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti, boy madaniy merosi va milliy an’analari bilan birga, ulkan iqtisodiy va turistik salohiyati ham namoyish etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston milliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma stendi tashkil etildi. Mamlakatimizning yirik eksportchi kompaniyalari ishtirok etgan ushbu maydonda yetishtiriladigan yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar taqdim etildi. Bu esa tadbirga nafaqat madaniy, balki amaliy iqtisodiy mazmun bag‘ishlab, amirliklar ishbilarmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, maxsus videoroliklar orqali O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarning turistik jozibasi namoyish qilindi.

Abu-Dabida o‘tkazilgan tantanali kecha O‘zbekistonning boy tarix va milliy qadriyatlarga tayangan, jahonga ochiq, iqtisodiy hamkorlikka tayyor zamonaviy davlat sifatidagi qiyofasini yana bir bor keng xalqaro auditoriyaga namoyish etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish