Seyki Vazake: O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki Yaponiyadagi sport muxlislariga katta quvonch bag‘ishlamoqda

Oktabr 03, 2026. 16:30 • 3 daq

• 56
Seyki Vazake: O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki Yaponiyadagi sport muxlislariga katta quvonch bag‘ishlamoqda

TOKIO, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Tyubu universiteti professori, Markaziy Osiyo va O‘zbekiston bo‘yicha islomshunos ekspert Seyki Vazake XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari qo‘lga kiritayotgan yuqori natijalar haqidagi fikrlarini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Professor Seyki Vazakening so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining turli sport turlari bo‘yicha muvaffaqiyatlari Yaponiyadagi o‘zbek sporti muxlislariga katta quvonch bag‘ishlamoqda.

“Nazarimda, agar sportchilarimiz musobaqalarning qolgan bosqichlarida ham shunday yuqori faollik va qat’iyatni davom ettirsalar, ular yana-da yuqori natijalarga erishish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Biz, Yaponiyadagi o‘zbek sporti muxlislari ijtimoiy tarmoqlar va sport kanallarida e’lon qilinayotgan yangiliklarni katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib borayapmiz.

Xususan, dzyudo jismoniy, texnik va psixologik tayyorgarlikning yuqori darajasini talab qiluvchi eng murakkab sport turlaridan biridir. Sportchilar bu yerda doimiy ravishda nafaqat o‘zlarining jismoniy imkoniyatlarini, balki iroda kuchi va ruhiy barqarorligini ham sinovdan o‘tkazadilar.

O‘zbekistonlik dzyudochilarning bugungi muvaffaqiyatlari tasodifiy natija emas, balki ko‘p yillik tizimli mashg‘ulotlar, sezilarli jismoniy yuklamalar, yuqori darajadagi texnik tayyorgarlik va doimiy o‘sib borayotgan xalqaro raqobat sharoitidagi izchil ishlarning natijasidir. O‘zbekiston sportchilari xalqaro arenada munosib sport mahorati va yuqori raqobatbardoshlikni namoyish etmoqdalar.

Yapon sport muxlislari orasida o‘zbekistonlik sportchilarning hozirgi yuqori natijalari ko‘p jihatdan mamlakat rahbariyatining sportni rivojlantirishga qarayotgan tizimli e’tibori bilan bog‘liq, degan fikr keng tarqalgan. Xususan, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish, yoshlarda yuqori motivatsiya, qo‘yilgan maqsadlarga erishish intilishini shakllantirish hamda o‘z ustida doimiy ishlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish muhimligi qayd etilmoqda.

O‘zbekiston rahbariyati tomonidan sport jamoalari va sportchilarga har tomonlama ko‘mak berishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularda ishtirok etish jarayonida logistika, zarur sport anjomlari bilan ta’minlash, tashkiliy hamkorlik va boshqa yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari, oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarga muvofiq davlat tashkilotlari, sport muassasalari va sport jamoalari o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonning yoshlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasidagi bunday yondashuvi Yaponiyada ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Zero, yosh avlodda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportga qiziqishni oshirish, qo‘yilgan maqsadlarga erishish intilishini va doimiy ravishda o‘z ustida ishlash madaniyatini rivojlantirish nafaqat yuqori sport natijalariga erishish, balki jamiyatning uzoq muddatli rivojlanishi nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga egadir”, — dedi yapon eksperti.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish