Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida qariyb 10 million dollarlik qo‘shma loyihalar ishga tushirildi
Avgust 29, 2026. 10:00 • 2 daq
• 48BISHKEK, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning Bishkek shahri va Chuy viloyatida O‘zbekiston–Qirg‘iziston hamkorligida amalga oshirilgan ikki qo‘shma loyihaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bishkek shahrida qiymati 1,8 million dollar, umumiy maydoni 2,5 ming kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli O‘zbekiston elektrotexnika va qurilish materiallari savdo markazi faoliyatini boshladi.
Markazda yurtimizning “Akfa”, “Shivaki”, “Artel”, “UzKabel”, “Elstan”, “Dusel”, “AsCab”, “ProCab”, “Vero Group”, “Royal” va “Engelberg” kabi korxonalarining eshik va romlari, lift va eskalatorlari, kabellari, zamonaviy hisoblagichlari hamda boshqa qurilish mahsulotlarining keng turi namoyish etilib, chakana va ulgurji savdosi yo‘lga qo‘yilgan.
Chuy viloyatining Issiq-Ota tumanida esa O‘zbekistonning “Maximum Dream” MCHJ va Qirg‘izistonning “Glass Centre” korxonalari hamda O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi hamkorligida toblangan shisha, alyuminiy eshik va romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Glass Centre” qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. Umumiy qiymati 8 million dollarlik loyihaning 2,8 million dollari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.
Loyihalarning ochilish tadbirlarida O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi, “Eltexsanoat” uyushmasi, O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi, “Akfa” va “Artel” kompaniyalari vakillari, shuningdek, Qirg‘iziston rasmiylari va mahalliy ishbilarmon doiralar ishtirok etdi.
Mazkur loyihalar O‘zbekiston elektrotexnika va qurilish mahsulotlarining Qirg‘iziston bozoridagi o‘rnini mustahkamlash, savdo hajmini oshirish, YEOII bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




