Stiv Deyns: O‘zbekistondagi islohotlar AQSH va boshqa mamlakatlar bilan savdo, sarmoya va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda

Avgust 29, 2026. 10:30 • 4 daq

107
Stiv Deyns: O‘zbekistondagi islohotlar AQSH va boshqa mamlakatlar bilan savdo, sarmoya va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda

VASHINGTON, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berdi.

– Joriy yil Yangi O‘zbekistonda boshlangan keng ko‘lamli islohotlarga 10 yil bo‘ldi. Siz ushbu davrdagi saʼy-harakatlarni qanday baholaysiz va mamlakatda yuz bergan qaysi o‘zgarishlarni muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaysiz?

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligi tufayli so‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonda qator muhim sohalar, xususan, iqtisodiyot, xalqaro hamkorlar bilan munosabatlar va aholi turmush darajasini yuksaltirish borasida ulkan natijalarga erishildi. Bu islohotlar O‘zbekistonni ochiq va faol davlat sifatida namoyon etib, AQSH va boshqa mamlakatlar bilan savdo, sarmoya va sheriklik munosabatlarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashdi. Bu borada qaysi natijalarni muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz va kelgusida yana qanday qo‘shma loyihalar ustuvor bo‘lishi mumkin?

– O‘zbekiston strategik jihatdan muhim mamlakat sanaladi. Biz ham ikki tomonlama, ham “C5+1” shakli doirasidagi sheriklikni rivojlantirishda salmoqli yutuqlarga erishdik. Kelgusida AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi erkin savdoga to‘sqinlik qilayotgan Jekson-Venik tuzatishida ko‘zda tutilgan eskirgan savdo cheklovlarini bekor qilish AQSHning asosiy ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston o‘ta muhim mineral resurslarga boy. Ushbu yo‘nalishdagi sheriklik ham tobora kengaymoqda. Bunday iqtisodiy aloqalar iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi investitsiyalarni jalb etish va tegishli taʼminot zanjirlarini mustahkamlash uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi.

Prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan “Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp marshruti” (TRIPP) doirasidagi bitimning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi o‘ta muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu mintaqalarda o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilash va O‘zbekiston uchun ishonchli savdo marshrutlarini yaratishga xizmat qiladi.

– Islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri ochiq va ishonchli xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan iqtisodiyotni shakllantirishdan iborat. Sizningcha, bu yo‘nalishdagi o‘zaro aloqalar qay darajada rivojlanmoqda?

– Bu borada juda muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan “C5+1” sammiti doirasida Amerika–O‘zbekiston biznes va sarmoya kengashining tashkil etilgani buning yorqin tasdig‘idir. Prezident Donald Tramp, Prezident Shavkat Mirziyoyev, Kengash hamraislari Saida Mirziyoyeva va Serjio Gorning ushbu maqsadga erishishdagi yetakchiligi uchun minnatdorlik bildiramiz.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 1 milliard dollardan oshdi. Investitsiya va hamkorlik aloqalari bundan keyin ham izchil o‘sishda davom etishiga ishonchim komil.

– Bugungi kunda O‘zbekiston barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, fan, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi tashabbuslarni faol ilgari surmoqda. Yaqin yillarda ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni yana-da rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

– Texnologik va raqamli taraqqiyot davrida AQSH va O‘zbekistonning ilg‘or texnologiyalar sohasida yetakchi mavqeni saqlab qolish uchun birgalikda ishlashi juda muhim. Sunʼiy intellekt, kvant texnologiyalari, fotonika va energetikani rivojlantirish ana shunday ustuvor yo‘nalishlar jumlasidandir.

Ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun Amerika kompaniyalari va tadqiqot institutlarining O‘zbekistonning o‘sib borayotgan texnologiya sektori bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish asosiy vazifalardan biri bo‘lishi lozim. Bu, o‘z navbatida, innovatsiyalar va yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

– So‘nggi o‘n yillik islohotlar davrida O‘zbekiston qator xalqaro va mintaqaviy loyihalar tashabbuskoriga aylandi. Sizningcha, amalga oshirilgan tashabbuslarning qaysi biri xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyatga ega?

– O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalar va savdo uchun ochiq bo‘lishi mamlakatning o‘zi, Markaziy Osiyo mintaqasi va uning ittifoqchilari uchun katta samara beradi. O‘zbekistonning erkin bozor tamoyillari va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish yo‘lidagi islohotlari o‘z xalqi va xorijlik sheriklar uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratadi.

– Xalqaro ekspertlar Yangi O‘zbekiston islohotlari tajribasini mintaqadagi keng ko‘lamli transformatsiyaning eng yaqqol namunalaridan biri sifatida eʼtirof etmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu tajribaning qaysi jihatlari boshqa davlatlar uchun alohida qiziqish uyg‘otadi?

– O‘zbekistonning iqtisodiy yuksalishi, mamlakatning xorijiy sarmoyalar uchun ochilishi va xalqaro savdoni kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlari so‘nggi yillardagi islohotlarning eng muhim jihatlaridir.

Istiqbolda savdo-sotiqni va bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini kuchaytiradi va ayni paytda uning AQSH hamda xalqaro hamjamiyat uchun barqaror, mustaqil va ahamiyati tobora ortib borayotgan sherik sifatidagi rolini oshiradi.

– Yangi O‘zbekiston islohotlarining 10 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz rahbariyati va xalqiga tilaklaringiz?

– So‘nggi ikki yil ichida Markaziy Osiyodagi barcha beshta davlatda, jumladan, O‘zbekistonda ham bo‘ldim. O‘zbek xalqining barqaror va farovon kelajak qurish yo‘lidagi intilishini hurmat qilaman.

Umumiy qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga asoslangan o‘zaro sheriklik munosabatlarimiz bundan keyin ham kengayib, yana-da rivojlanishini istayman. O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va yangi yutuqlar tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish