Ko‘hna Buxoroda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
May 14, 2026. 17:55 • 5 daq
• 7TOSHKENT, 14-may. /“Dunyo” AA/. Kecha Buxoro shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Senat axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon masʼul rahbarlari, shu jumladan, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston parlamentlari rahbarlari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston parlamentlari rahbarlarining o‘rinbosarlari ishtirok etmoqda. Majlisda, shuningdek, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari, xususan, Preventiv diplomatiya markazi va “BMT-ayollar” tashkiloti vakillari ham qatnashdi.
Maʼlumki, 2020-yil dekabr oyida ushbu platformaga mintaqa xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma sifatida O‘zbekiston tashabbusi bilan asos solingan.
O‘zbekiston ushbu muloqotga 2021-yilda raislik qilgan. Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti gender tenglik va barqaror rivojlanishni ilgari surish, mintaqadagi ayollar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga sodiq bo‘lgan ayollarning muhim norasmiy koalitsiyasi sifatida o‘zini namoyon qildi.
Muloqot tashkil etilganidan beri bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi va gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb masalalar, shuningdek, bu yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Bu yil O‘zbekiston yana bir bor muloqotga raislik qilmoqda. Ozarbayjonning bu yil muloqotga qo‘shilishi mintaqaviy birlikni yana-da mustahkamlaydi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytiradi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ochib berdi. Senat Raisi o‘z nutqida mintaqada xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va davlat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Muloqot doirasida ayollar birdamligi mintaqadagi ayollarning barcha integratsiya va davlatlararo hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirib, mamlakatlar taraqqiyotiga tobora muhim hissa qo‘shayotgani taʼkidlandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining bu galgi majlisida ayollarning ilm-fandagi yetakchiligi, hozirgi zamon tahdidlari, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik muhokama qilindi.
Delegatsiya rahbarlari, shuningdek, ilmiy va ekspert hamjamiyati vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon olima ayollari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari kun tartibidagi masalalar muhokamasida ishtirok etdi. Ular o‘z chiqishlarida bu yilgi muloqot faoliyatining kelgusidagi maqsad va vazifalari xususida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Muloqot ishtirokchilari platforma doirasida hamkorlikni rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Shu kunning o‘zida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: hozirgi zamon tahdidlari, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik” mavzusida olima ayollar forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Bu ulkan intellektual salohiyat, tarixiy yaqinlik va umumiy kelajak makonidir. Mintaqa mamlakatlarini Buyuk Ipak yo‘li anʼanalari, umumiy tahdidlar va barqaror rivojlanishga intilish birlashtiradi.
So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari kun tartibida ilm-fanni, innovatsion texnologiyalarni, sunʼiy intellektni rivojlantirish masalalari ham muntazam ravishda muhim o‘rin tutishini taʼkidladi. Shu nuqtai nazardan, yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun ayollarning tadqiqotchilar, novatorlar va ilmiy taraqqiyot yetakchilari sifatidagi alohida roli ortib bormoqda.
Bugun dunyo ulkan tahdidlarga, jumladan iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, shiddat bilan kechayotgan raqamli transformatsiya va sog‘liqni saqlash hamda boshqa sohalardagi yangi tahdidlarga duch kelmoqda. Shubhasiz, ushbu murakkab muammolarni ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yondashuvlarsiz, shuningdek, yuqori malakali kadrlarni tayyorlamay turib hal qilib bo‘lmaydi.
Forum Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon olima ayollari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va muloqot uchun barqaror platforma yaratish, tajriba almashish, hamkorlikdagi tadqiqotlarni va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga hamda ilm-fan sohasidagi ayollarning yetakchilik salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan umumiy yechimlarni ishlab chiqish maqsadida ilmiy va ekspertlar hamjamiyati vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon olima ayollari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirdi.
So‘zga chiqqanlar bugungi sharoitda mintaqa mamlakatlari ilm-fanni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini mustahkamlash bilan bog‘liq umumiy muammolarga duch kelayotganini taʼkidladilar.
Forum ishtirokchilari ayollarning ilm-fan va innovatsiyalar rivojidagi roli, olima ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ilmiy sohadagi ishtirokini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Ularning professional rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish mintaqadagi davlatlarning barqaror rivojlanishida muhim omil ekani taʼkidlandi.
Forum doirasida ikkita panel sessiya bo‘lib o‘tdi. Birinchi panel sessiya ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalardan foydalanish orqali mintaqani rivojlantirish imkoniyatlari va istiqbollariga bag‘ishlandi. Muhokama davomida mintaqadagi mamlakatlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, innovatsion ekotizimni kengaytirish, ilmiy va texnologik hamkorlikni mustahkamlash hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatida xotin-qizlarning rolini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiyotni diversifikatsiyalash vositasi sifatida ilm-fandan foydalanish, mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida texnologik hamkorlikni rivojlantirish, ilm-fanni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va samarali innovatsion infratuzilmani shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar, shuningdek, taʼlim tizimi orqali yangi avlod tadqiqotchilarini tayyorlash istiqbollari, ilm-fan sohasida yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari va mintaqalararo akademik va ilmiy almashinuv dasturlarini ishlab chiqish masalalarini muhokama qildilar.
Ikkinchi panel sessiyada barqaror rivojlanish, ekologiya, sunʼiy intellekt, madaniy meros va jamoat salomatligi masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar atrof muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish va kelajak avlodlarning ekologik xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish va ekologik barqaror yechimlarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Sunʼiy intellektni ilmiy faoliyat, taʼlim, tibbiyot va davlat boshqaruvida qo‘llash istiqbollari ham muhokama qilindi. Zamonaviy raqamli texnologiyalar ilmiy taraqqiyot va innovatsion rivojlanishni tezlashtirishning muhim vositasiga aylanib borayotgani taʼkidlandi.
Yoshlar orasida ilm-fanni ommalashtirish, talabalar, magistrlar va doktorantlar uchun ustozlik tizimini rivojlantirish, shuningdek, ilm-fan sohasidagi ayollar uchun institutsional va ijtimoiy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Forum ishtirokchilari barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va mintaqaning innovatsion kelajagini shakllantirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning ilmiy, intellektual va texnologik salohiyatini birlashtirish muhimligini taʼkidladilar.
Forum yakunlari bo‘yicha bildirilgan taklif va tavsiyalarni amalga oshirish, shu jumladan, mintaqada ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlarni mustahkamlash mexanizmiga aylanadigan SheScience Central Asia olima ayollarning mintaqaviy tarmog‘ini yaratishni nazarda tutuvchi Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston sug‘orish suvini yetkazib berish jadvallarini kelishib oldi





